Tasviriy san’at dillarni birlashtiradi
Namangan shahridagi Badiiy akademiya ijodkorlar uyushmasiga qarashli badiiy galereya zalida 64-Xalqaro “Gullar festivali” doirasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, akademik Baxtiyor Nazarovning shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.
Taqdimot marosimida qatnashgan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bu kabi madaniy-ma’rifiy tadbirlar tariximizni tub mohiyatini anglab yetish, ayniqsa, yoshlarda milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.


O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston kinematograflari uyushmasi a’zosi, o‘zining yangi asarlari bilan tomoshabinni hayratlantirishdan charchamagan ko‘rgazmalarning faol ishtirokchisi Baxtiyor Nazarovning navbatdagi Bobur va Boburiylar sulolasiga doir sara tematik asarlari ikki oy mobaynida san’at ixlosmandlari ixtiyorida bo‘ladi. Shundan so‘ng ushbu durdona suratlar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi uch ming yillik tarixdan so‘zlovchi Axsikent yodgorligi arxeologiya parkida barpo etilayotgan muhtasham muzeyning eng nodir eksponatlari orasidan joy oladi.


Ko‘rgazma ochilishida Badiiy akademiya akademigi, faxriy rassom Tursunali Ahmadaliyev, Toshkent davlat transport universiteti professori Abdurashid Abduqayumov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adib va jurnalist Rustamjon Ummatov atoqli musavvir Baxtiyor Nazarov ijodining o‘ziga xos qirralari xususida to‘xtalib o‘tdi. Tadbirga yig‘ilganlar badiiy galereyadan joy olgan mo‘yqalam tasvirlarini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.


Mohir rassomning kino sohasidagi tajribasi uning tarixiy portretlar turkumini boyitdi. Tarixiy va adabiy materiallar bilan ishlash mahorati, cheksiz fantaziyasi, o‘sha davrga xos kiyimlar, zargarlik buyumlari va madaniy yodgorliklarni tasvirlashdagi aniqlik uning asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Qayd etish joiz, Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumanida kamolga yetgan 83 yoshli Baxtiyor Nazarov Vengriya, Chexiya, Rossiya Federatsiyasi, Latviya, Ispaniya, Hindiston, Marokash, AQSH, Xitoy singari dunyoning ko‘plab davlatlarida o‘z asarlari ko‘rgazmalarini o‘tkazgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.