Tashqi ishlar vazirligida uchrashuv
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 27-aprel kuni Kuvayt Davlati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Sulaymon al-Said bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida 27-aprel kuni Kuvayt Davlati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Sulaymon al-Said bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.Suhbatda O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, ayrim mintaqaviy va xalqaro masalalar muhokama qilindi. Davlatlararo muloqotni konstruktiv va o‘zaro manfaatli asoslarda yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi hamkorlikni kuchaytirishga tomonlarda qiziqish mavjudligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda O‘zbekistonga Kuvayt Davlati Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri shayx Sabah al-Xolid as-Sabahning bo‘lajak tashrifi, Hamkorlik bo‘yicha qo‘shma qo‘mitaning birinchi yig‘ilishi va boshqa ikki tomonlama tadbirlarni o‘tkazish muddatlari va kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Shu kunning o‘zida Toshkent shahrida O‘zbekiston – Kuvayt vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlarining birinchi raundi bo‘lib o‘tdi.
Kuvayt Davlati delegatsiyasi mamlakatimizning qator vazirlik va idoralarida ham uchrashuvlar o‘tkazadi.