Tashlandiq holga kelgan istirohat bog‘i qayta obod qilinmoqda
Bundan roppa-rosa 10 yil avval Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi daryo sohili va qadimiy ko‘prik atrofi zamonaviy qiyofa kasb etgan edi. Hudud rekonstruksiya qilingach, ko‘prik Amir Temur ko‘prigi, deya nomlanib, daryoda to‘g‘onlar barpo etildi va katerlar sayohati yo‘lga qo‘yildi. Sohil bo‘yida esa ko‘rkam xiyobon tashkil etildi.
O‘sha paytda bu yerda aholi hordiq chiqarishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan, turli attraksionlar, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa ko‘ngilochar xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay hududdagi fayz tarqala boshladi. Daryoda suv sathi pasayib, katerlar harakati to‘xtadi, umumiy ovqatlanish shoxobchalari yopildi. Xiyobon esa asta-sekin qarovsiz holga kelib, tashlandiq hududga aylandi.

Mazkur holat yuzasidan ommaviy axborot vositalarida tanqidiy materiallar ham e’lon qilingan. Zero, bir vaqtlar aholi gavjum bo‘lgan maskanning e’tiborsizlik tufayli qarovsiz holga kelishi, bu hududni obod qilish uchun sarflangan mehnat va mablag‘larning samarasiz bo‘lib qolishi jamoatchilikda haqli savollar tug‘dirgan edi.
E’tiborlisi, endi sohil bo‘yidagi xiyobonga yana hayot qaytarilmoqda.

Ayni paytda hududni tozalash, chiqindi va xas-xashaklarni olib chiqish, sayr yo‘laklarini tartibga keltirish ishlari olib borilmoqda. Bog‘dagi panjaralar, dekorativ haykalchalar, o‘yinchoqlar va boshqa inshootlar ta’mirlanib, bo‘yalmoqda.
Shuningdek, yashil maydonlarni parvarishlash va sug‘orish tizimini yangilash, tungi yoritish chiroqlarini ta’mirlash ishlari ham amalga oshirilmoqda.

Qarshi shahar hokimligi mas’ullarining ma’lum qilishicha, obodonlashtirish ishlari yakuniga yetgach, sohil bo‘yidagi hudud aholi uchun yana qulay va ko‘rkam dam olish maskaniga aylantiriladi.
Muhimi, bir vaqtlar tashlandiq holga kelib qolgan bu hududga yana hayot qaytarishga harakat boshlandi. Endi asosiy masala yaratilgan sharoitlarni asrash, ulardan samarali foydalanish va maskanni yana yillar davomida aholiga xizmat qiladigan darajada saqlashdir.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri