Tashabbusdan — amaliy natija
Buxoro viloyati Kogon tumanida mahallalar ichki yo‘llarini ta’mirlash va obodonlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, “Tashabbusli byudjet” loyihasining joriy yilgi 1-mavsumi doirasida aholi tashabbusi asosida “Xo‘ja-Yakshaba” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Naymancha, O‘rtakent va Xo‘ja-Yakshaba qishloqlarining ichki yo‘llarini asfaltlashtirish loyihasi amalga oshirildi.
Loyiha doirasida mazkur qishloqlardagi jami 3,2 kilometr ichki yo‘lga asfalt-beton qoplamasi yotqizildi. Qurilish-montaj ishlari “Zero Start Omad” MCHJ tomonidan belgilangan qurilish me’yorlari va texnik talablar asosida bajarildi.
Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 467 million so‘mni tashkil etdi. Yangi yo‘l qoplamasining yotqizilishi natijasida mahalla aholisining kundalik harakatlanishi uchun yanada qulay sharoit yaratildi. Xususan, markaziy yo‘llarga chiqish, ijtimoiy ob’ektlar, ta’lim muassasalari va boshqa manzillarga qatnov yengillashdi.
[gallery-31821]
E’tiborlisi, mazkur loyiha aholi tashabbusining amaliy natijasi bo‘ldi. Fuqarolar tomonidan hududdagi dolzarb muammoni hal etish bo‘yicha ilgari surilgan taklifning ovoz berish jarayonida qo‘llab-quvvatlanishi uni amalga oshirishga asos bo‘ldi.
Kogon tumanida ichki yo‘llarni ta’mirlash va obodonlashtirishga qaratilgan bunday loyihalar aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash hamda hududlarni kompleks rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA