Tashabbus bor joyda imkoniyat bor
FOTOREPORTAJ
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi Aybo‘yir mahallasi tuman markazidan bir necha chaqirim uzoqda joylashgan. Chekka hudud bo‘lishiga qaramay, bu yerda o‘z tashabbusi bilan tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, oilasi daromadini oshirayotgan, shu bilan birga boshqalar uchun ham ish o‘rinlari yaratayotgan fuqarolar safi kengayib bormoqda.
Ayni paytda mahallada 2 mingdan ziyod aholi istiqomat qiladi. Hokim yordamchisi Erkin Bavetdinovning ma’lum qilishicha, hududdagi to‘rtta oila ijtimoiy reyestrga kiritilgan. Ularning bandligini ta’minlash va doimiy daromad manbaini shakllantirish maqsadida imtiyozli kredit hamda subsidiyalar ajratilmoqda.
Temirxonovlar oilasi ana shunday imkoniyatdan unumli foydalangan xonadonlardan biri.
Bir vaqtlar ishsiz bo‘lgan oila bugun o‘z xonadonida non va non mahsulotlari ishlab chiqarish sexini faoliyatga tushirgan. Yakka tartibdagi tadbirkor Ixlos Temirxonovga bank tomonidan 100 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Ushbu mablag‘ hisobidan ishlab chiqarish uchun zarur bino barpo etilib, zamonaviy uskunalar xarid qilingan.
[gallery-31483]
Hozirda sexda aholi buyurtmalari asosida non va non mahsulotlarining bir necha turi tayyorlanmoqda. Tayyor mahsulotlar iste’molchilarga yetkazib beriladi. Xizmatlar qatorida mahsulotlarni manzilga bepul yetkazib berish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Oilaviy korxonaning ahamiyati tayyorlanayotgan mahsulotlar bilan cheklanmaydi. Eng muhimi, ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilishi yangi ish o‘rinlarini yaratish, mahalladagi ishsiz fuqarolarni mehnatga jalb etish va aholi daromadini oshirishga xizmat qilmoqda.
Bunday tashabbuslar mahallada tadbirkorlik muhitini rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va oilalarning barqaror daromad manbaini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA