Tasavvufshunoslik ilmida yangi yo‘nalish
Yangi kitoblar
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti huzuridagi Sharq madaniyati va merosini tadqiq etish ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan falsafa fanlari doktori, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Manbashunoslik va tasavvuf germenevtikasi kafedrasi dotsenti Ja’far Xolmo‘minov muallifligida “Qiyosiy tasavvufshunoslik” nomli monografiya yaratildi.
O‘tgan o‘n to‘rt asrlik davrida Islom ta’limoti tasavvuf shaklidagi buyuk g‘oyalar jarayonida rivojlandi. Bizning davrimizga kelib islomshunoslik, shu jumladan, tasavvufshunoslik ilmlari keng miqyosda rivojlana boshladi. Uzoq muddatli Islomdan uzoqlashish, unga xurofot va bid’at deb qarash, odamlarni xudosizlikka, e’tiqodsizlikka, iymonsizlikka da’vat etuvchi dahriylik g‘oyasi barbod bo‘lgach, qalb va iymon bilan yashashga asoslangan turmush tarzi qaror topa boshladi. Islom ta’limoti, tarixi va falsafasini o‘rganish imkoniyatlari kengaydi.
Keyingi davrda tasavvufshunoslikka doir qator tadqiqotlar, izlanishlar amalga oshirildi. Biroq tasavvuf ta’limotining yuragi bo‘lgan tasavvuf falsafasining genezisi, evolyutsiyasi va uning amaliyoti bilan bog‘liq masalalar haligacha yetarli darajada o‘rganilmagan edi.
Jahon dinlarining tarixi, ularning rivojlanish bosqichlari evolyutsiyasi va ayni ana shu rivojlanishlar oqimida ularning g‘oyaviy asoslarini tasavvuf falsafasi asosida qiyosiy tahlil va tadqiq etishni davrning o‘zi taqozo etmoqda. Bu o‘ta murakkab va ziddiyatli vazifani zabardast tasavvufshunos olim, falsafa fanlari doktori Ja’far Xolmo‘minov katta ilmiy iroda va qat’iyat bilan o‘z zimmasiga oldi va tasavvufshunoslik sohasida “Qiyosiy tasavvufshunoslik” nomli yangi fanning metodologik asoslarini yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Soddaroq tarzda aytganda, XX asrning ikkinchi yarimida “Qiyosiy grammatika” va “Qiyosiy adabiyotshunoslik” fanlari, XXI asrning boshida esa “Qiyosiy dinshunoslik” fani ilm-fan maydoniga kirib kelgan edi.
Ja’far Xolmo‘minov esa ilk marotiba bizga “Qiyosiy tasavvufshunoslik” nomli fan ham bo‘lishi mumkinligini, bu fanning ilk unsurlari esa X asrda Abu Rayhon Beruniy, Abu Bakr Kalobodiy va Mustamliy Buxoriy, keyingi davrlarda Muhammad G‘azzoliy, Ibn al-Arabiy va Mavlono Abdurahmon Jomiy kabi ulug‘ mutafakkirlarning falsafiy va irfoniy asarlarida kuzatilishini ilmiy dalillar bilan isbotlab berdi hamda o‘z navbatida “Qiyosiy tasavvufshunoslik”ning qiyosiy tahlil va germenevtik usullarga tayangan yangi metodologiyasini ishlab chiqdi.
Shu tariqa, “Qiyosiy tasavvufshunoslik” nomli falsafa, qiyosiy dinshunoslik, islomshunoslik, manbashunoslik va adabiyotshunoslik fanlarining qorishmasidan hosil bo‘lgan yangi fan dunyoga keldi.
Jahon dinlarini qiyosiy tadqiq etish, ularning har birining o‘ziga xos g‘oyalarini, ta’limotini chuqur o‘rganib, kelib chiqish manbalari asosida qiyosiy tahlil qilish tadqiqotchidan katta bilimni, barcha dinlar haqidagi asosli mulohazalarni va xolisona qiyoslash salohiyatini talab qiladi. “Qiyosiy tasavvufshunoslik” tasavvufshunoslikning muhim va tarkibiy qismi sifatida uning genezisi va evolyutsiyasiga butunlay yangi o‘lchovlar, tanqidiy yondashuvlar, ilmiy mushohada va mantiqiy xulosalar asosida yondashishni talab qiladi. Mazkur monografiya muallifi Ja’far Xolmo‘minov ayni ana shu mezonni yaxshi tushungan va unga qat’iy amal qilgan.
Muallif tasavvufshunoslik fanini uning mohiyatidan kelib chiqib tasniflaydi. Jumladan, uning tasnifida tasavvuf tarixi, tasavvuf manbashunosligi, tasavvuf terminologiyasi, tasavvuf falsafasi, tasavvuf falsafasi germenevtikasi, tasavvuf adabiyoti va tasavvuf adabiyoti germenevtikasi kabi tarkibiy qismlar tasavvuf falsafasining mazmuni va mohiyatini yaxlit holda ochib berishga xizmat qilishi mumkinligi ilmiy asoslangan.
Qiyosiy tasavvufshunoslik eng avvalo tasavvuf falsafasining har tomonlama chuqur tahlilidan boshlanadi. Ja’far Xolmo‘minov aynan shunday yo‘l tutadi. Tasavvufshunoslikning tarkibiy qismlarini, u nimalardan iborat ekanligini o‘rganadi va uni tizimli tarzda tartibga soladi. Muallif tasavvufshunoslikning tarkibiy qismlari yuqorida sanab o‘tilgan yo‘nalishlar va strukturaviy elementlardan iborat ekanligini jadvallar orqali tushuntiradi.
U tasavvuf ilmining tubsiz ummon, g‘oyat rang-barang imkoniyatlaridan kelib chiqib, uni o‘rganishning butunlay yangi jihatlarini ochib berar ekan, tasavvuf ta’limotining o‘ziga xos tomonlarini quyidagicha tasniflaydi: tasavvuf teologiyasi, tasavvuf etikasi, tasavvuf estetikasi, tasavvuf sotsiologiyasi, tasavvuf aksiologiyasi, tasavvuf psixologiyasi, qiyosiy tasavvufshunoslik.
Yuqoridagi yo‘nalishlar tasavvufshunoslikning mahobatli mohiyatini ochishga imkon beradi. Ana shundan so‘nggina qiyosiy tasavvufshunoslik muammosiga katta jiddu jahd va shijoat bilan kirishish mumkin bo‘ladi. Bu g‘oyatda katta qunt, bilim va sabotni taqozo etadigan jarayonni tadqiqotchi J.Xolmo‘minov yetarli darajada tushuntirib bera olgan. Aslini olganda tasavvufshunoslikda tasavvufning yuqorida bayon etilgan tarkibiy qismlari hali shakllanmagan. Ana shu jihatdan tasavvufshunoslikka bunday yondashuvni tadqiqotchi J.Xolmo‘minovning o‘ziga xos ilmiy yangiligi deyish mumkin. Muallif buni ilmiy muammo sifatida ko‘taradi va ushbu kitobda uning ilmiy asoslangan, nazariy jihatdan yetarli darajada tahlil qilingan xulosalarini ilgari suradi.
Qiyosiy tasavvufshunoslik tabiiy ravishda tasavvuf falsafasini boshqa turdosh g‘oyalar va ta’limotlar bilan qiyoslashni taqozo etadi. Ja’far Xolmo‘minov buning diniy ta’limotlardan tashqari dunyoviy ilmlar bilan ham bog‘liq jihatlarini alohida ko‘rsatib o‘tadi. Jumladan, falsafa, dinshunoslik, manbashunoslik, tarix, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiya va etnologiya. Ayni ana shular mantiqiy jihatdan ham, ilmiy-fundamental jihatdan ham, qiyosiy tasavvufshunoslikning muhim aloqador jihatlaridir.
Bu holatni J.Xolmo‘minov Shayx Fariduddin Attorning “Mantiq ut-tayr”, Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” kabi dostonlaridagi o‘ziga xos psixologik holatlarda, so‘fiylikning jamiyat turmush tarzi va ijtimoiy hayotga munosabatini sotsiologiya, jamiyat bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlarini Naqshbandiya tariqatidagi “Dil ba yoru dast ba kor”, “Xilvat dar anjuman” – inson va jamiyat munosabatlarida bandaning jamoa bilan hamjihatligi qalban esa Haq bilan bog‘liqligi, etnologiya, etnografiya va aksiololgiyaning, ya’ni insonning hayot bilan qadryatlar, urf-odatlar, marosimlar, rasm-rusumlar bilan bog‘liqligida va, hatto, siyosatshunoslikning ayrim jihatlarini, Imom Muhammad G‘azzoliyning “Nasihat ul-mulk”, Xoja Samandar Termiziyning “Dastur ul-mulk” asarlarida ko‘tarilgan g‘oyalar bilan asoslaydi.
Ja’far Xolmo‘minov tasavvuf falsafasi genezisi haqida fikr yuritar ekan, uning o‘ziga xos asoslarini, asl manbasini qidiradi va ularni quyidagicha ifodalaydi. Muallifning xulosalariga ko‘ra, tasavvuf falsafasining asosi Islom dini. Uning ikki yo‘nalishi bor. Birinchisi nazariy manbalar, ikkinchisi amaliy manbalar. Nazariy manbalarning asosi Qur’oni Karim, undan keyin Hadisi sharif, din peshvolari va ulamolarining g‘oyalari. Amaliy manbalari esa Rasulullohning sunnati, undan kelib chiqadigan sahobalar odobi, xatti-harakatlari va nihoyat, din peshvolari va ulamolarining faoliyatlari, fe’l-atvorlari, yurish-turishlari. Muallif ana shu ikki yo‘nalishning tutashgan nuqtasi tasavvufdir, degan qat’iy xulosaga keladi.
Muallif tasavvuf falsafasining genezisi va evolyutsiyasi haqida qator manbalarga, xos adabiyotlarga yondashadi. Ushbu ta’limotning rivojlanishiga doir turli qarama-qarshi fikrlarni qiyosiy o‘rganadi. Bu munozarali muammo Ja’far Xolmo‘minov tadqiqotida yetarli darajada o‘z ifodasini topgan va chuqur tadqiq etilgan. Bu borada muallif Sharqu G‘arb sharqshunoslari, dinshunos va islomshunoslarining xulosalarini qiyosiy tadqiq etganligi bilan alohida qiymatga ega.
Umuman olganda, mazkur monografiya to‘g‘risida uzoq fikr yuritish mumkin, ammo muxtasar qilib aytganda, ushbu tadqiqot zamonaviy islomshunoslik va tasavvufshunoslikda o‘ziga xos muhim ilmiy voqea sifatida baholanashiga ishonchimiz komil.
Narzulla Jo‘rayev,
siyosiy fanlar doktori,
professor.
O‘zA