Tarjimada tajriba, mahorat muhim
Bugun badiiy tarjimani sifat jihatdan yanada takomillashtirish masalasi davlatimiz rahbarining e’tiborida bo‘lib turibdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Toshkent viloyatidagi “Parkent ijod uyi”da tashkil etilgan Respublika tarjimonlar forumida ayni sohaga oid dolzarb masalalar muhokama etildi.
Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 4 iyundagi “Badiiy tarjima sohasida Muhammad Rizo Ogahiy nomidagi xalqaro mukofotni ta’sis etish to‘g‘risida” qarori ijrosi doirasida o‘tkazildi.

– Shunchaki xorijiy tilni bilgan bilan hech kim yaxshi tarjimon bo‘lib qolmaydi, – dedi O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali. – Tarjimon adabiyotni sevishi, tarjimaga qo‘l urmoqchi bo‘lgan asarning muallifi ijodi bilan yaqindan tanish bo‘lishi, muayyan asarga qalban yaqinligi g‘oyat muhimdir. Bu galgi ijodiy forum “Turk va ozarbayjon she’riyatidan tarjimalar”, “Xorijiy tillardan tarjima muammolari”, “Badiiy film dublyaji uchun tarjima qilishning o‘ziga xos tomonlari”, “Bolalar she’riyati tarjimasi masalalari”, “Zamonaviy o‘zbek she’riyatining qay jihatlari turk o‘quvchisini jalb qiladi?” va boshqa dolzarb mavzularga bag‘ishlangani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ishtirokchilar yuraklaridagi gaplarini aytdilar. Forum qatnashchilari mazkur tadbirda olgan bilimlarini yangi tarjima asarlari, tadqiqotlar, ijodiy ishlar uchun sarflashlariga umid bildiramiz. Aytmoqchimanki, mazkur forum qatnashchilarning faoliyatida o‘z izini qoldirmog‘i kerak, albatta.

– Darhaqiqat, avvallari tarjimon va adib yoki shoirlar o‘rtasida o‘zaro ijodiy hamkorlik, qalban va ruhan yaqinlik bo‘lar edi, – dedi taniqli adabiyotshunos olim, tarjimon Adhambek Alimbekov. – Bu esa badiiy tarjimaning mukammal va puxtaligini ta’minlashda, asarning mohiyatini anglashda muhim omil sanaladi. Ijodkorlar o‘rtasida shaxsiy do‘stlik bo‘lmagunicha adabiy aloqalarni rivojlantirish haqida gap bo‘lishi ham mumkin emas. Kelgusi forumlarda Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Turkiya kabi qardosh davlatlardan ham vakillar ishtirok etishi kerak. Bu esa ijodkorlar o‘rtasidagi hamkorlikning tobora mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ushbu forumda ko‘tarilgan masalalarning har biri alohida anjumanga, katta bir forumga arziydi, – dedi Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, adiba va tarjimon Risolat Haydarova. – Forumda barcha uchun qiziqarli mavzular ko‘tarildi. Bu g‘oyalar ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi. Ushbu mavzular ustida kelgusida alohida ish olib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, taniqli olim va publitsist Azizulloh Orolning Afg‘onistonda “O‘zbek tilining milliy qomusi” ustida olib borilayotgan ishlar, taniqli shoir, tarjimon va publitsist Tohir Qahhorning “Yevropadagi turk adabiyoti”, Iqbol Qo‘shshayevaning “Badiiy film dublyaji uchun tarjimaning o‘ziga xos jihatlari”, Kavsar Turdiyevaning “Bolalar she’riyati tarjimasi haqida”gi ma’ruzalari forum ishtirokchilarida katta taassurot va qiziqish uyg‘otdi.
– Mazkur forum ishi ishtirokchilar uchun juda foydali bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti o‘qituvchisi, tarjimon Begoyim Xolbekova. – Darhaqiqat, bugungi kunda badiiy tarjimaga oid ishlarni zamon ruhiga monand yo‘lga qo‘yish, muallif va tarjimonlar o‘rtasidagi hamkorlikni tobora mustahkamlash muhimdir.
Forum yakunida ishtirokchilarga tashakkurnomalar topshirildi.
Nazokat Usmonova,
Ahmadjon To‘rayev (surat),O‘zA