Tarixiy yutuqlardan milliy yuksalish sari
Prezidentimizning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqi, unda ilgari surilgan tashabbuslar keng jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan qarshi olindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Sevara Ubaydullayeva mustaqil taraqqiyot yo‘limizda erishilgan natijalarni e’tirof etib, tarixiy nutqda ilgari surilgan 7 ta milliy maqsadning mazmuni va ahamiyati haqida o‘z munosabatini bildirdi:
— Mustaqillik — xalqimizning asriy orzu-intilishlari, ozodlik va erkinlik haqidagi ezgu niyatlari ro‘yobining timsoli, milliy davlatchiligimizning mustahkam poydevoridir. Istiqlol yillarida mamlakatimiz o‘z davlatchiligi, milliy qonunchiligi, iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyot modelini shakllantirdi. Eng muhimi, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli va tizimli islohotlar natijasida «Yangi O‘zbekiston» g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining amaliy maqsadi va strategik yo‘nalishiga aylandi.
35 yillik taraqqiyot yo‘limizning asosiy mazmuni, eng katta natijasi — insonning o‘z hayotiga, ertangi kuniga va davlatga bo‘lgan munosabatidagi o‘zgarishdir. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tantanali marosimdagi nutqi ham ana shu tarixiy yo‘lni chuqur tahlil qilish, erishilgan natijalarni xolis baholash va kelgusi taraqqiyotning aniq ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berish nuqtai nazaridan alohida ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va uning erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yillarda amalga oshirilgan islohotlarning haqiqiy samarasini eng avvalo, xalqimizning kundalik hayoti, oilalar farovonligi, insonlarning huquq va imkoniyatlari kengayib borayotganida ko‘rish mumkin.
Yillar davomida odamlarni qiynab kelgan «paxta qulligi», majburiy va bolalar mehnati, valyuta konvertatsiyasidagi cheklovlar, «propiska» kabi muammolarga barham berilgani fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy erkinligini kengaytirdi. Bu o‘zgarishlar natijasida oddiy insonlar hayotida avvalo, erkin mehnat qilish, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish, o‘z biznesini rivojlantirish, mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, o‘z kelajagini mustaqil rejalashtirish uchun yangi imkoniyatlar paydo bo‘ldi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonning dunyoga ochilishi iqtisodiy taraqqiyot uchun ham yangi imkoniyatlar yaratdi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatining isloh qilinishi tadbirkorlik muhitini yaxshiladi. Xorijiy investitsiyalar hajmining avvalgi 2–3 milliard dollardan bugun 40–50 milliard dollarga yetgani mamlakatimiz iqtisodiyotiga nafaqat mablag‘, balki zamonaviy texnologiyalar, yangi ishlab chiqarish madaniyati va ilg‘or bilimlar kirib kelayotganini anglatadi. Bu jarayon aholi hayotida yangi korxonalar, yangi ish o‘rinlari, yangi kasblar va yangi daromad manbalari paydo bo‘lishida namoyon bo‘lmoqda. Tadbirkorlik uchun yaratilgan sharoitlar insonlarni o‘z salohiyati va tashabbusiga tayanishga undamoqda. Bu esa iqtisodiy faol aholi qatlamini kengaytirib, jamiyatda mulkdorlar va tadbirkorlar sinfini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ijtimoiy siyosatdagi eng muhim o‘zgarishlardan biri — kambag‘allik muammosining ochiq tan olinishi va uni qisqartirishning tizimli mexanizmi yaratilganidir. Kambag‘allikni faqat nafaqa yoki bir martalik moddiy yordam bilan yengib bo‘lmasligi amaliyotda o‘z isbotini topdi. Shu bois, ehtiyojmand oilaning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’limi va yashash sharoitini kompleks yaxshilashga qaratilgan «mahallabay» ishlash tizimi joriy etildi. Natijada kambag‘allik darajasi 2017-yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirildi. Bu raqamlar zamirida 10 million nafar insonning turmush sifati yaxshilangani mujassam. Demak, kambag‘allikni qisqartirish siyosati asta-sekin insonni faqat ijtimoiy yordam oluvchi emas, balki mustaqil daromad topish, kasb egallash va o‘z oilasi farovonligini ta’minlash imkoniga ega shaxs sifatida ko‘rishga asoslangan yangi tizimga aylanmoqda.
650 mingdan ziyod oilaning zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgani ham mustaqillik yillaridagi bunyodkorlik ishlarining muhim natijalaridan biridir. Uy-joy oilaning xotirjamligi, farzandlarning kelajagi va barqaror hayot ramzidir. Yangi uy-joy massivlarida yo‘l, maktab, bog‘cha, tibbiy muassasa va boshqa ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining barpo etilayotgani aholi uchun qulay yashash muhitini shakllantirmoqda.
Taraqqiyot bir joyda to‘xtab qolmaydi. Erishilgan natijalarni mustahkamlash, ularni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish va mamlakatimizni yanada yuksak taraqqiyot marralariga olib chiqishni hayotning o‘zi taqozo etmoqda. Shu bois, Prezidentimiz o‘z nutqida kelgusi yillarda mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, inson qadrini yanada yuksaltirish bo‘yicha yettita ustuvor maqsadni belgilab berdi. Bu maqsadlar o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lib, ularning barchasida umumiy bir g‘oya — inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish, xalq farovonligini yanada oshirish va O‘zbekistonning raqobatbardoshligini yuksaltirish g‘oyasi mujassam.
Birinchi ustuvor maqsad bilim va kasbni taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat. Bolalarning olti yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini 100 foizga yetkazish, barcha maktablarni xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olish, texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etish, yoshlarni yuqori daromadli kasblarga o‘qitish qamrovini 1 million nafarga yetkazish belgilanmoqda. Kamida 10 ta universitetni dunyoning TOP-1000 taligiga kiritish vazifasi esa oliy ta’lim sifatini xalqaro darajaga olib chiqishga xizmat qiladi. Bu maqsadlar zamirida bir haqiqat mujassam: kelajakda mamlakatlar o‘rtasidagi raqobat, avvalo, tabiiy resurslar emas, bilim, texnologiya va inson kapitali uchun kechadi.
Ikkinchi ustuvor maqsad xalqimizning sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga qaratilgan. Kelgusi besh yilda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda. Tibbiyotda profilaktikaga asoslangan salomatlikni asrash modeliga o‘tish, davlat tibbiy sug‘urtasini barcha xonadonlarga kiritish, ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish, dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini mamlakatimizga olib kelish vazifalari belgilandi.
Bu maqsadlarning umumiy mohiyati fuqaroni kasal bo‘lgandan keyin davolash emas, uning salomatligini oldindan asrash tizimini shakllantirishdir. Shu bilan birga, zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’limni rivojlantirish orqali mamlakatimizni mintaqadagi tibbiy xizmatlar va tibbiy innovatsiyalar markazlaridan biriga aylantirish uchun zamin yaratiladi.
Uchinchi ustuvor maqsad iqtisodiyotni yuqori texnologiyalar va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazishdir. Kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb etish, 2030-yilgacha yalpi ichki mahsulotni 300 milliard dollarga yetkazish, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratish maqsad qilinmoqda. Startaplar, venchur moliyalashtirish va sun’iy intellektni rivojlantirish, kichik biznesning o‘rta biznesga, o‘rta korxonalarning yirik kompaniyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizim yaratish iqtisodiyotning yangi o‘sish nuqtalarini shakllantiradi.
To‘rtinchi ustuvor maqsad suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishni nazarda tutadi. Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv resurslaridan samarali foydalanish va ekologik barqarorlik mamlakat taraqqiyotining muhim shartiga aylanmoqda. Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga yetkazish, «Yashil makon» harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqish, tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazish vazifalari belgilanmoqda.
Beshinchi ustuvor maqsad qonun ustuvorligi va adolatni ta’minlashga qaratilgan. Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi. Shu bois, sud mustaqilligini kuchaytirish, qonun ustuvorligini umumiy qadriyatga aylantirish, maktabdan boshlab huquqiy tarbiyani tizimli yo‘lga qo‘yish, fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish vazifalari belgilab berildi. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik, odam savdosi, yashirin iqtisodiyot va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilish ham ushbu yo‘nalishning muhim tarkibiy qismidir.

Oltinchi ustuvor maqsad mahallani taraqqiyotning asosiy buyurtmachisiga aylantirishdir. Odamlarning kayfiyati, oilalar farovonligi, yoshlarning orzu-istaklari va tadbirkorlarning tashabbuslari, avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi. Shu bois, tuman byudjeti, investitsiya dasturlari va infratuzilma loyihalarini mahalla buyurtmasi asosida shakllantirish yangi boshqaruv yondashuvini qaror toptiradi. Bunda aholining talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi asosiy mezonga aylanadi.
Yettinchi ustuvor maqsad esa O‘zbekistonning tinchlik, do‘stlik va ochiq tashqi siyosat tamoyillariga sodiqligini yanada mustahkamlash bilan bog‘liq. O‘zbekistonning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosatini davom ettirish, Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik munosabatlarini yanada rivojlantirish mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi. 130 dan ziyod millat va elat vakillari hamda 16 ta diniy konfessiya a’zolarining tinch-totuv yashab kelayotgani esa millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik mamlakatimizning eng katta boyliklaridan biri ekanini ko‘rsatadi.
Belgilab berilgan yetti ustuvor maqsadni hayotga samarali tatbiq etishda parlamentning oldida ham katta mas’uliyat bor. Chunki strategik maqsadlar o‘z-o‘zidan natijaga aylanmaydi. Buning uchun puxta qonunchilik bazasi, yetarli moliyaviy resurs, aniq ijro mexanizmlari va samarali parlament nazorati muhimdir. Biz, Qonunchilik palatasi deputatlari ushbu vazifalarning sifatli va samarali bajarilishida qonunlar qabul qilish, ularning ijrosini muntazam o‘rganishimiz, hududlardagi haqiqiy holatni tahlil qilishimiz, aholi va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazishimiz, hukumat bilan hamkorlikda faol ish olib borishimiz talab etiladi.
Prezidentimiz nutqidagi «Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz!» degan so‘zlar bugungi taraqqiyotimizning mazmunini ham, kelgusi vazifalarimizning ruhini ham ifodalaydi.
Muhtarama Komilova yozib oldi, O‘zA