Tarixiy yodgorliklarni asrash – burchimiz
Mutaxassislar tomonidan ushbu obyekt jiddiy oʻrganilganida uning bir qismi vaqt oʻtishi bilan tabiiy tarzda oʻpirilib tushgani maʼlum boʻldi.
Poytaxtimizda Shoshtepa arxeologik yodgorligini asrab qolish va undan turizm yoʻnalishida samarali foydalanish konsepsiyasini ishlab chiqish masalalariga bagʻishlangan davra suhbati boʻlib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, “Sharq darvozasi” nomiga musharraf boʻlgan Toshkent nainki Markaziy Osiyo, balki jahondagi qadimiy shaharlardan biri boʻlib, tamaddun oʻchogʻi sifatida yirik tarixiy markazlardan sanaladi. Muhim savdo karvonlari kesishgan, Buyuk ipak yoʻlida joylashgan bu shahar meʼmorlik, shaharsozlik, ilm-fan, madaniyat va maʼrifat rivojida yetakchi oʻrin egallab keladi.

Shoshtepa yodgorligi Toshkent janubida, Sergeli tumanidagi Joʻnariq boʻyida joylashgan qadimiy shahriston qoldigʻi sanaladi. Qadimshunoslar bu yerdan eramizdan avvalgi IV-III asrlarga oid ashyolarni topishga muvaffaq boʻlgan. Baʼzi tarixiy manbalarda ushbu obyekt “Chochtepa” deb ham yuritiladi. Ayrim nashrlarda esa bu yodgorlik Toshkentning beshigi sifatida nomlangan. Arxeolog Margarita Filanovichning taʼkidlashicha, ushbu yodgorlik oʻz qadr-qimmati, tarixiy ahamiyati bilan nafaqat Oʻzbekistonda, balki jahon tarixida gʻoyat ulkan ahamiyatga ega tarixiy maskan. Aynan shu joydagi qazishma-tadqiqot ishlari Toshkent shahri tarixi 2200-yil, ehtimolki, undan ham ulugʻroq boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi.
– Toshkent juda gʻaroyib shahar, – dedi M.Filanovich. – Unda 2000-2200-yillik tarixga ega boʻlgan nodir arxeologik obyektlar bor. Shu bois “shaharda sayyohlar koʻrishiga arzigulik qadimiy maskanlar yoʻq” qabilidagi fikrlar mutlaqo notoʻgʻri va xatodir. Holbuki, Shoshtepa, Mingoʻrik, Oqpeta kabi qadim shahristonlar, yodgorlik maskanlari Toshkentning tarixi nechogʻli koʻhna ekanidan soʻzlaydi.

2019-yilning 4-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga Shoshtepa arxeologik yodgorligiga jiddiy talafot yetkazilgani haqida xabar kelgan edi. Ayni shu davrda yurtimizdagi ijtimoiy tarmoqlarda ham shu mazmunga oid xabarlar tarqalgani, bu esa aksariyat hamshaharlarimizni, oʻlkashunos, arxeolog olimlarni tashvishga solgani sir emas.
Mutaxassislar tomonidan ushbu obyekt jiddiy oʻrganilganida uning bir qismi vaqt oʻtishi bilan tabiiy tarzda oʻpirilib tushgani maʼlum boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktyabrdagi tegishli qarori asosida ushbu joy Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritildi. Bugungi kunda arxeologik obyekt atrofida qurilgan uylar yuzasidan Toshkent shahar hokimi va Sergeli tumani hokimiga Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan 2019-yil 17-sentyabrda va 2019-yil 2-oktyabrda xatlar berilgan. Biroq mahalliy hokimlik organlari tomonidan bu xatlar yuzasidan hech qanday javob xati kelmagan. Vaholanki, madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid milliy qonunchilikka muvofiq, mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻzlariga berilgan vakolatlar doirasida madaniy meros obyektlarini muhofaza qiladi, asraydi. Sohaga doir qonunchilik hujjatlari ijro etilishini amalda taʼminlashi zarur.

Bahs-munozara, tortishuvlarga boy boʻlgan davra suhbatida hozirda Madaniy meros departamenti tomonidan arxeologiya obyektlarini muhofaza qilish va ulardan samarali foydalanish yuzasidan konsepsiya ishlab chiqilayotganiga eʼtibor qaratildi. Shoshtepa arxeologik obyektida 2020-yildan arxeologik tadqiqotlar oʻtkazilib, toʻliq oʻrganilishi va konservatsiyalash rejalashtirilmoqda.
Davra suhbatida qadimiy yodgorlik obyektini asrab-avaylash, uni konservatsiyalashga olimlar, arxeologlar, meʼmorchilik va shaharsozlik sohasi ekspertlari, keng jamoatchilikning taklif va mulohazalarini inobatga olgan holda yondashish zarurligi, bu borada amaliy ish rejasini yaratish, kelgusidagi saʼy-harakatlarni muntazam muvofiqlashtirib borish yuzasidan fikrlar bildirildi.