Tarix, taqdir, kelajakka aylangan ona tilim
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim“ nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasida “Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan – ona tilim“ nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olimlar, maʼnaviyat targʻibotchilari, talaba-yoshlar jam boʻlgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 21-oktyabrdagi “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosiga eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Alinazar Egamnazarov, “Ovozi tojik“ gazetasi boʻlim muharriri Toʻxtamish Toʻxtayev, taniqli shoira Zulfiya Moʻminova va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ona tilimiz ravnaqiga koʻrsatilayotgan eʼtibor milliy adabiyotimiz, taʼlim-tarbiya, maʼnaviyat sohasidagi ibratli islohotlarning tarkibiy qismi ekanini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari tomonidan eʼlon qilingan farmon ona tilimizning nufuzini tobora yuksaltirishda yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Oʻtgan oʻttiz yil davomida oʻzbek tili mustaqil yurtimizda totuvlikda istiqomat etayotgan barcha millat va elatlarning ona tili boʻlishga ulgurdi.
Bugungi globallashuv davrida ona tilimizni nainki saqlab qolish, balki uni yanada taraqqiy ettirish, zamon talablari asosida boyitib borish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadbirda atamalarni tizimlashtirish, ularni bir-biriga moslashtirish, hayotga kirib kelayotgan yangi tushunchalarni anglatuvchi soʻzlarni toʻgʻri tanlash muhimligi taʼkidlandi.
Tilni oʻrganish, unga hurmat bilan munosabatda boʻlish maktab, taʼlim-tarbiya, kitobxonlik madaniyati, mutolaa jarayoni bilan bevosita bogʻliqdir. Shu maʼnoda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan buyuk alloma shoir va mutafakkirlar, milliy adabiyotimiz fidoyilari, bugungi kunda samarali ijod qilayotgan yozuvchi va shoirlar ijodini aks ettiruvchi kitoblar muntazam nashr etilib, joylardagi maktablar, kutubxonalar, axborot-resurs markazlariga, mahallalarga taqdim etib kelinmoqda.
Tadbirda uyushma tashabbusi bilan chop etilgan bir qator yangi nashrlarning ham taqdimoti boʻlib oʻtdi.