Targ‘ibot tadbirlarida yangi normalar mazmuni tushuntirilmoqda
Siyosiy partiyalar tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyatini hamda referendumning ahamiyatini tushuntirishga qaratilgan targ‘ibot-tashviqot ishlari tashkil etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan hududlarda, turli soha vakillari ishtirokida qator targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida «Yangilanayotgan Konstitutsiya — xalq Konstitutsiyasidir» mavzusidagi davra suhbatida yangilanayotgan Konstitutsiyaga kiritilgan normalar, ularning jamiyat va fuqarolar hayotidagi ahamiyatiga to‘xtalib o‘tildi.

Davra suhbatida partiya Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Hamzayev so‘zga chiqdi:
— Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizini tashkil etuvchi «Inson qadri uchun» g‘oyasi hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan «Inson-jamiyat-davlat» degan yondashuv Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirilgan. Konstitutsiyaviy qonun loyihasidagi normalarning salmoqli qismi inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklariga taalluqli bo‘lib, inson qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi oliy darajada o‘z ifodasini topmoqda.
Shuningdek, yangilanayotgan Konstitutsiyada xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini barpo etishga qaratilgan yangilanishlar o‘z ifodasini topgan. Jumladan, parlament palatalarining vakolatlari ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengaymoqda, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilanmoqda, — dedi partiya yetakchisi.
Yana bir targ‘ibot tadbiri Boysun tumanidagi tantanalar uyida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Abdushukur Hamzayev yangi tahrirdagi Bosh qomusimizda aks etayotgan atrof-muhitni muhofa qilish masalalariga oid normalar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, tabiatdagi global iqlim o‘zgarishlari, Orol dengizining qurishi bilan bog‘liq vaziyatning tobora keskin tus olayotgani, ekologik xavfsizlik g‘oyat dolzarb masalaga aylangani ushbu sohaga yanada jiddiy e’tibor qaratishni taqozo etadi. Shu ma’noda Konstitutsiya loyihasida eks etayotgan ekologik huquq va sohaga oid boshqa normalar dolzarb ahamiyatga ega.
M.Komilova, O‘zA