Taraqqiyotimiz qo‘llanmasi
Hazrat Alisher Navoiyning ushbu ruboiysi mazmun-mohiyatini sharhlamoq uchun bir necha qog‘ozni qoralamoq joiz.
2020 yil – Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili
To hirsu havas xirmani barbod o‘lmas,
To nafsu havo qasri baraftod o‘lmas,
To zulmu sitam jonig‘a bedod o‘lmas,
El shod o‘lmas, mamlakat obod o‘lmas.
Hazrat Alisher Navoiyning ushbu ruboiysi mazmun-mohiyatini sharhlamoq uchun bir necha qog‘ozni qoralamoq joiz. Navoiyshunos olimlarimiz bu haqda ko‘p yozishgan. Navoiyning buyukligi, hamma zamon, barcha tuzum uchun kerakli ekanligi ham uning asarlari hech qachon ahamiyatini, dolzarbligini yo‘qotmasligidadir. Hazrat asarlarini ixlos va e’tiqod bilan mutolaa qilgan kishi bu foniy dunyoning barcha masala va muammolariga javob topa oladi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasini televidenie orqali eshitish, gazetada qayta-qayta o‘qish jarayonida Alisher Navoiyning mazkur ruboiysi va unda ifodalangan g‘oyat teran fikrlar yodga kelaveradi. Zero, davlatimiz rahbari ushbu oliy lavozimda ish boshlagan kunidan e’tiboran jamiyat taraqqiyotining eng katta, eng xavfli, juda chuqur ildiz otgan dushmani – korrupsiyaga qarshi kurash boshladi. Binobarin, korrupsiyaning turi va shakli ko‘p, ammo katta-kichigi yo‘q, chunki barcha yirik muammolar aslida darhol ko‘zga tashlanmaydigan, odamlar uncha nazarga ilmaydigan mayda narsalardan boshlanadi. Oqibatda chirmovuqday hamma soha va tarmoqni qamrab oladi. Shu bois jamiyatdagi jamiki illatlarning asosi ham, sababchisi ham ana shu – korrupsiya. Shu ma’noda Shavkat Mirziyoev jamiyatni tozalash, taraqqiyot yo‘lidagi barcha to‘siq va g‘ovlarni olib tashlash ishlarini aynan korrupsiyani bartaraf etishdan boshlagani bejiz emas. Buni xalqimiz ham, xalqaro ekspertlar ham, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar mutaxassislaridan tortib rahbarlarigacha e’tirof etmoqda. Bunga birgina misol: dunyodagi nufuzli nashrlardan bo‘lgan “Ekonomist” jurnali O‘zbekistonni 2019 yilda islohotlarni eng jadal amalga oshirgan davlat – “Yil mamlakati” sifatida e’tirof etdi.
Korrupsiyaning eng ommalashgan turlaridan biri – poraxo‘rlik, Navoiy iborasi bilan aytganda, “hirsu havas”, “nafsu havo”. Bu baloga ruju qo‘ygan odam xalq dardiga quloq solishi, uning mushkulini yechishga harakat qilishi qiyin. Bundaylarning fikri-zikri faqat o‘z manfaatini o‘ylash, kimlarnidir zor qaqshatib bo‘lsa-da, o‘z cho‘ntagini qappaytirishda bo‘ladi. Odatda bunday odamlar kattami-kichikmi lavozimda o‘tiradi, har qanday mansab imtiyoz emas, balki katta mas’uliyat ekanini ular go‘yo “unutib qo‘yadi”. Shuning uchun davlatimiz rahbari “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan tamoyilni o‘rtaga tashladi va uni amalda isbotlash, hayotga joriy etishning turli vosita va usullarini yo‘lga qo‘ydi. Eng muhimi, bu talab bir kun bo‘lsa-da, susaygani yo‘q, aksincha, tobora kuchayib, talabchanlik oshib borayotir. Natijada turli darajadagi rahbarlar o‘z faoliyati haqida xalqqa hisob berish tartibi yo‘lga qo‘yildi, mansabdorlar odamlar murojaatini, dardi va iltimosini eshitadigan bo‘ldi. Boshqacha aytganda, xalq bilan rahbarlar o‘rtasidagi ko‘zga ko‘rinmas, ammo baland va mustahkam to‘siq olib tashlandi. To‘g‘ri, ba’zi joylarda bu illat hamon qaysidir darajada saqlanib qolgan, lekin ularning umri uzoq emas, ular ham albatta bartaraf etiladi. Chunki bu to‘lqin hech kimni – u kim, qaysi lavozimda bo‘lmasin – ayamaydi yoxud hech kim hech qanday imtiyozga ega emas. Mana shu xalqimizni xushnud etmoqda.
Shu o‘rinda bir mulohaza yodga keladi. Odamlarning turli vazirlik va idoralarga, hokimliklarga murojaati, bu murojaatlarga e’tibor, ularda ko‘tarilgan muammolarni yechish masalalari doimiy nazoratda. Shu tufayli matbuotda, televidenieda, turli saytlarda falon joyda odamlarning murojaati o‘rganildi, shundan keyin muammo hal etildi, deb yoziladi, ko‘rsatuv bo‘ladi. Bular yaxshi, albatta. Ammo kishini boshqa narsa o‘ylantiradi. Masalan, muayyan ko‘chaning o‘ydum-chuqurlarini tuzatish, asfalt qilish, biron-bir ijtimoiy ob’ektni ta’mirlash va shular kabi boshqa muammolarni odamlar murojaat (shikoyat) qilmaguncha hal qilish mumkin emasmi? Ungacha o‘sha joydagi mutasaddilar shu kamchilik yoki muammolarni ko‘rmaganmi, bilmaydimi? Ayrim rahbarlar, mutasaddilar qachongacha o‘t o‘chiruvchi kabi shikoyat asosida ishlaydi?! Mamlakatimizda yangicha ish uslubi, yangi tizim boshlanganiga uch yildan oshdi-ku! Nahotki ular hamon bu yangi talabga, yangi tartib va tizimga o‘rgana olmayotgan, ko‘nika olmayotgan bo‘lsa. Hamma biladiki, boshlangan islohotlar, ochiqlik tamoyili ortga qaytmaydi. Qarab turaylik, hammasi o‘tib ketadi, deb o‘ylaydiganlar chuchvarani xom sanabdi. Buni Prezidentimiz ko‘p bor ta’kidladi. Qolaversa, murojaat (shikoyat) asosida ishlash qancha ovoragarchilik, asabbuzarlik keltirib chiqaradi. Har kim o‘z mansabi, vakolati doirasida vazifasini vaqtida bajarishi lozim emasmi?!
Murojaatnomada “Sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak” deyiladi. Darhaqiqat, korrupsiya tag-tomiri bilan yo‘qotilsa, adolat barqaror bo‘ladi yoki, aksincha, adolat tamoyillariga qattiq amal qilinsa, korrupsiyaning ildizi qirqiladi. Buyuk Navoiy asarlarida insofu adolatni kuylagan bo‘lsa, o‘zining ijtimoiy faoliyatida ana shu ezgu ishlar amalga oshishi uchun tinimsiz kurashgan, uning oliy namunasini ko‘rsatgan.
Prezidentimizning Murojaatnomasi garchi Oliy Majlisga deb atalsa-da, butun xalqimizga yo‘naltirilgan da’vat, mamlakatimiz taraqqiyotining kelajagi belgilab berilgan tarixiy hujjatdir. Unda erishilgan yutuqlar qayd etilishi bilan bir qatorda kamchiliklar, muammolar ochiq-oydin aytildi va ularni bartaraf etish yo‘llari aniq ko‘rsatildi. Shu bois ushbu Murojaatnomani har bir rahbar, har qaysi inson o‘zi uchun dasturulamal sifatida qabul qilib, unda qayd etilgan ulug‘vor vazifalarni bajarishga o‘z hissasini qo‘shishga bel bog‘lagan. Jumladan, madaniyat, san’at, adabiyot vakillari ham bu ezgu ishlarning faol ishtirokchisi bo‘lib maydonga chiqmoqda. “Madaniyat va san’at muassasalariga alohida e’tibor qaratish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash choralarini ko‘rish zarur”, deyiladi Murojaatnomada. Bu e’tibor, bu g‘amxo‘rlik ijtimoiy sohaning barcha tarmoqlariga tegishlidir. Zero, milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari, degan ezgu g‘oyani amalga oshirishda ijod ahli eng faol bo‘lmog‘ini davr taqozo etmoqda.
Davlatimiz rahbari 2020 yilni mamlakatimizda Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili, deb e’lon qildi. Bu yurtimizda ilm-fanga, ma’naviyat va ma’rifatga yuksak etiborning yana bir namunasidir. Chunki ilm, ma’rifatni takomillashtirmay turib, iqtisodiyotni, xususan, zamonaviy raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish qiyin. Prezidentimiz bularni yonma-yon qo‘yishida teran ma’no mujassam. Zotan, ilmsiz iqtisodni ko‘tarish qiyin, iqtisod baquvvat bo‘lsa-yu ma’rifat bo‘lmasa, u ham mukammallik kasb etmaydi. Ayrim kimsalarga nisbatan pul topib, aql topmagan, degan iborani bekorga ishlatmaydi xalqimiz.
Ushbu Murojaatnoma mamlakatimiz taraqqiyotining, xalqimiz turmush farovonligini oshirishning keyingi yillarga mo‘ljallangan qo‘llanmasidir. Bu qo‘llanmadan unumli va samarali foydalanish, ya’ni, ezgu maqsadlarga xizmat qiladigan ulug‘vor vazifalarni bajarishga, mavjud muammolarni, ildiz otib ketgan illatlarni bartaraf etishga o‘z hissasini qo‘shish har bir yurtdoshimizning fuqarolik burchidir. Shunda Navoiy bobomiz aytganiday, el shod, mamlakat obod bo‘ladi.
Mamatqul HAZRATQULOV,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist.