Taraqqiyot va farovonlik yo‘lidagi hamkorlik
Toshkentda Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘zaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Toshkentda Arab muvofiqlashtirish guruhi delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida o‘zaro hamkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda Arab muvofiqlashtirish guruhi a’zolari – Islom taraqqiyot banki, Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi, Abu Dabi taraqqiyot jamg‘armasi va OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi, shuningdek, mamlakatimizning vazirlik va idoralari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezident Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning izchil amalga oshirilayotgani samarasida chet ellik investorlarning biznes yuritishi uchun qulay investitsiyaviy muhit, zarur sharoit va preferensiyalar yaratilgani ta’kidlandi. Nufuzli moliya institutlari bilan hamkorlikning kengayib borayotgani esa O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatining yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Tomonlar hamkorlikning bugungi holati yuzasidan fikr almashdi. O‘zbekiston va Arab muvofiqlashtirish guruhi o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik munosabatlari o‘rnatilgani ta’kidlandi. Taqdim etilayotgan kreditlar sog‘liqni saqlash, ta’lim, ichimlik suvi ta’minoti va kommunal xo‘jalik infratuzilmasini takomillashtirish, energetika sektorini modernizatsiya qilish va boshqa ko‘plab sohalardagi strategik muhim loyihalarni amalga oshirishga yo‘naltirilgan.
Anjumanda O‘zbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy taraqqiyot, sanoatni modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarga yuksak baho berildi.
O‘zbekistonda bugungi kunda iqtisodiyotni faol diversifikatsiya qilish, boy minerallar, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va mehnat resurslarini oqilona boshqarish bo‘yicha samarali chora-tadbirlar ko‘rilayotgani qayd etildi.
Davra suhbati doirasida mamlakatimizning vazirlik va idoralari tomonidan energetika, yo‘l infratuzilmasi, kommunal xo‘jalik, ta’lim, ekologiya, irrigatsiya, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard AQSh dollaridan ziyod 25 istiqbolli loyiha taqdimoti o‘tkazildi. Shuningdek, Arab muvofiqlashtirish guruhining ushbu loyihalarni moliyalashtirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir yakunida tomonlar majlisning yakuniy protokolini imzoladi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi va Islom taraqqiyot banki o‘rtasida “Qishloq joylarda uy-joy qurilishini rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha qiymati 100 million dollarlik zayom bitimi imzolandi.
Hujjatlarni imzolash marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.Azimov ishtirok etdi.