Taraqqiyot inson manfaatiga xizmat qiladi
Xorij tajribasi
Zamonaviy dunyoda davlat boshqaruvining samaradorligi nafaqat iqtisodiy ko‘rsatkichlar, balki insonlarning turmush sifati, yashash muhiti va ijtimoiy himoya darajasi bilan ham baholanmoqda. Shu nuqtai nazardan, Xitoy Xalq Respublikasida aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan shaharsozlik siyosati va ijtimoiy dasturlar xalqaro ekspertlar diqqatini tortayotgan muhim tajribalardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.
Xitoy Raisi Si Szinpinning turli yillarda shaharlarni rivojlantirish, eski turar joy massivlarini yangilash va aholi uchun munosib hayot sharoitlarini yaratishga qaratilgan tashabbuslari mamlakat taraqqiyotining inson manfaatlariga asoslangan modelini namoyon etmoqda.
2000-yilda Futszyan viloyati gubernatori sifatida Fuchjou shahridagi eski uy-joy hududlariga tashrif buyurgan Si Szinpinning aholi yashash sharoitlarini bevosita o‘rganishga alohida ahamiyat bergani bu boradagi yondashuvning dastlabki ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan edi. U davlat xizmatchilari xalq hayotidagi muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganishi, qabul qilinayotgan qarorlar esa avvalo inson manfaatlariga xizmat qilishi lozimligini ta’kidlagan.

Keyingi yillarda mazkur tamoyil Xitoyning shaharsozlik siyosatida muhim o‘rin egalladi. Xususan, mamlakatning yirik shaharlarida amalga oshirilgan rekonstruksiya dasturlari doirasida millionlab insonlarning yashash sharoitlari yaxshilandi, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari yangilandi, ijtimoiy infratuzilma takomillashtirildi.
Tahlilchilarning qayd etishicha, Xitoy tajribasining o‘ziga xos jihati, shaharlarning tashqi qiyofasini o‘zgartirish bilan cheklanib qolmasdan, inson uchun qulay muhit yaratishni bosh maqsad sifatida belgilaganida namoyon bo‘ladi. Bu esa iqtisodiy taraqqiyot bilan ijtimoiy mas’uliyat o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Uxan shahridagi Sinxetszyuy mahallasi misoli buning amaliy tasdig‘idir. Ilgari eski sanoat uy-joylari joylashgan hudud zamonaviy turar joy majmuasiga aylantirilib, o‘n minglab aholi uchun yangi imkoniyatlar yaratildi. Natijada fuqarolarning hayot sifati yaxshilanib, shahar muhitining jozibadorligi oshdi.
Si Szinpin tomonidan ilgari surilayotgan “inson uchun shahar” tamoyili bugungi kunda Xitoy shaharsozlik siyosatining asosiy g‘oyalaridan biri sifatida ko‘rilmoqda. Ushbu yondashuvga ko‘ra, shaharlar faqat iqtisodiy o‘sish markazi emas, balki insonning munosib hayot kechirishi uchun xizmat qiluvchi ijtimoiy makon bo‘lishi lozim.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham inson qadrini yuksaltirish, aholi turmush darajasini oshirish va hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida belgilab berilgan maqsadlar mazkur yo‘nalishdagi ishlarga yangi sur’at bag‘ishlamoqda.
Shu bois O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari iqtisodiyot va investitsiyalar bilan bir qatorda shaharsozlik, kommunal xo‘jalik, suv ta’minoti, raqamli boshqaruv va “aqlli shahar” texnologiyalari sohalarida ham yangi imkoniyatlarni yuzaga keltirmoqda.
Ayniqsa, aholi uchun qulay va barqaror shahar muhitini yaratish, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda davlat xizmatlari samaradorligini oshirish borasidagi tajriba almashinuvi ikki mamlakat hamkorligining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylanib bormoqda.
Bugungi kunda dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, har qanday islohotning haqiqiy qiymati inson hayotidagi ijobiy o‘zgarishlar bilan belgilanadi. Shu ma’noda, aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan siyosat va tashabbuslar davlat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Inson manfaatlarini ustuvor qo‘yish, shaharlarni odamlar uchun yanada qulay va xavfsiz maskanga aylantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar esa zamonaviy boshqaruvning muhim belgisi sifatida ahamiyat kasb etmoqda.
Nilufar Bozorova, O‘zA