Tarag‘ay kengliklarida bahor festivali
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumani Tarag‘ay qishlog‘i purviqor tog‘lar bag‘rida joylashgan. Bu qishloq bejizga Buyuk sohibqiron bobomiz Amir Temur bilan bog‘lanmagan. Boisi qishloq nomi sohibqironning otasi Bahodir Tarag‘ay nomi bilan bog‘liq. Qishloq to‘rt tomondan baland tog‘lar bilan o‘ralgan, iqlimi salqin va bahavo. Qish bo‘yi yoqqan qalin qorlar erishi natijasida yuzaga kelgan jilg‘a va buloqlar yil davomida oqib turadi. Tog‘li hudud bo‘lgani bois bu o‘lkalarga bahor ozgina kechikib keladi. Pastdagi qir-adirlarda allaqachon o‘sib-unish davri tugab sarg‘ayib qolgan bahorgi o‘t-o‘lanlar bu yerlarda endigina pishib yetilmoqda.
Kuni kecha mazkur qishloqda Davlatimiz rahbarining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida ilk bor “Tarag‘ay bahori” festivali ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Hududlarda turizmni yanada rivojlantirishga xizmat qiladigan ushbu festival an’anaviy ravishda har yili o‘tkaziladi.
Tarag‘ay qishlog‘idagi tog‘ yonbag‘riga temuriylar davriga xos o‘tovlar tikildi. Milliy hunarmandchilik va milliy taomlar ko‘rgazmalari tashkil qilindi. O‘rtaga sahna qurildi. Bir tomonda milliy kurash musobaqasi boshlandi. Festivalga nafaqat Chiroqchi tumanidan balki butun viloyatdan minglab aholi vakillari tomoshaga to‘plandi.
O‘tovlarni bir-bir ko‘zdan kechirar ekanmiz, milliy taomlar ko‘rgazmasi e’tiborimizni tortdi. O‘tovdagi ishtirokchilardan birini suhbatga chorladik.
– Momolarimiz tayyorlagan milliy taomlarning dovrug‘i qadim-qadimlarda ham tillarda doston bo‘lgan, – deydi Gavhar Aliqulova. – Qatlama patir, yupqa, g‘ilmindi va hokazo. Bugungi festivalga ham ulardan namunalar tayyorlab keldik.
[gallery-11968]
Poytaxtdan tashrif buyurgan el suygan san’atkorlar ishtirokidagi kuy-qo‘shiqlar, “Chiroqchi chiroqlari” kabi folklor jamoalarining chiqishlari barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.
– Buyuk sarkarda Amir Temur izlari qolgan, o‘tmish-sir asrorlarini o‘zida mujassam etgan, qadim va navqiron Chiroqchi tumanidagi Tarag‘ay qishlog‘ida ochiq osmon ostidagi o‘zida milliy qadriyatlarni aks ettirgan festival xalqimizni juda xushnud etdi, – deydi Chiroqchi tumanidagi 96- umumta’lim maktabi direktori Ulug‘bek Murodov. – Tarag‘ay mahallasida o‘tkazilgan festivalda ochiq osmon ostida Chiroqchining ko‘hna tarixidan sado beruvchi muzey eksponatlari, milliy hunarmandchilik namunalari ko‘rgazmasi, milliy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan xalq o‘yinlari, milliy taomlar namoyishi (gastroturizm) festival qatnashchilariga nihoyatda iliq taassurot qoldirdi. Xalq mazza qilib, madaniy hordiq chiqardi. Tarag‘ay qishlog‘i haqida aytadigan bo‘lsak bu qishloq tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, havosi toza, tabiati go‘zal, o‘simlik dunyosi boy qadimiy qishloq.
“Tarag‘ay bahori” festivalini aynan ona tabiat qo‘ynida shu qishloqda o‘tkazilishi yurtimizda ham mana shunday jannatmakon manzillar borligini jamoatchilikka ko‘rsatish va shu orqali ekoturizmni rivojlantirishdir.
Tushdan keyin boshlangan festival xalq sayli ko‘rinishida davom etib, yarim tungacha davom etdi va moviy osmonni yoritgan mushakbozlik bilan yakunlandi.
Tadbirda Chiroqchi tuman hokim Nodir Erkayev va viloyat sektor rahbarlari ishtirok etdi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov O‘zA