Tanzila Norboyeva: Xalq manfaatlarini himoya qilishda parlamentning amaliy roli kuchaymoqda
Senat yalpi majlisida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida barcha soha va tarmoqlarda aholi farovonligini yuksaltirish, inson qadrini ta’minlash, fuqarolar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan tizimli ishlar izchil davom etayotgani alohida ta’kidlandi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva mamlakatimiz barqaror taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan odimlab borayotgani, iqtisodiy o‘sish sur’atlari va xalqaro maydondagi nufuzi izchil yuksalayotganini qayd etdi. Joriy yilning birinchi yarim yilligida iqtisodiyotning 8,5 foizga o‘sishi, shuningdek, nufuzli xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reytingi bir pog‘onaga oshirilgani amalga oshirilayotgan islohotlarning xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilayotganining yaqqol tasdig‘idir.
– Birinchi yarim yillik yakunlari va istiqboldagi ustuvor vazifalar muhokamasida Prezidentimiz bugungi murakkab global sharoitda 40 millionlik xalqimiz hayot sifatini yanada yuksaltirish uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish, har bir rahbar va mutasaddidan yuksak mas’uliyat, tashabbuskorlik talab etilishini alohida ta’kidladi, – dedi T.Norboyeva. – Ana shu vazifalardan kelib chiqib, o‘tgan olti oy Senat uchun ham sermahsul va mas’uliyatli davr bo‘ldi.
Ushbu davrda qonunchilik faoliyati doirasida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan 40 ta qonun ko‘rib chiqildi. Konstitutsiyaviy vakolatlardan kelib chiqqan holda 11 ta qonunchilik tashabbusi ilgari surildi. Parlament nazorati doirasida davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga oid 60 dan ortiq nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi. Ularning qariyb 40 tasi hududlarda mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda tashkil etilgani joylardagi muammolarni chuqur o‘rganish va ularning amaliy yechimlarini ishlab chiqish imkonini berdi.

Jumladan, Surxondaryo viloyatini kompleks rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish dasturlari ijrosining Senat kengashining sayyor majlisida muhokama qilinishi hududdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni manzilli hal etishga xizmat qildi.
Yalpi majlislarda vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari hamda axborotlari eshitilib, sohalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Qurilish, favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ipakchilik sohalari bo‘yicha yuborilgan parlament so‘rovlari davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish va mazkur sohalardagi mavjud muammolarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Infratuzilmani rivojlantirish, dorivor o‘simliklar yetishtirishni tartibga solish va aliment munosabatlariga oid parlament so‘rovlari natijalarining tanqidiy-tahliliy ko‘rib chiqilishi tegishli sohalarda aniq amaliy chora-tadbirlar qabul qilinishiga turtki bo‘ldi.
Senatorlarning joylarda aholini qiynayotgan dolzarb muammolarni bevosita Senat minbariga olib chiqayotgani parlamentning xalq manfaatlarini himoya qilishdagi amaliy rolini yanada kuchaytirmoqda. Xususan, birinchi yarim yillikda yuborilgan 54 ta senator so‘rovi ko‘plab masalalarning tezkor va samarali hal etilishiga xizmat qildi.

Fuqarolar bilan ochiq muloqot Senat faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hisobot davrida Senatga 7,8 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi, 1,3 ming nafardan ziyod fuqaro senatorlar tomonidan shaxsan qabul qilindi. Murojaatlarning aksariyati nazoratga olinib, mingdan ortig‘i ijobiy hal etildi.
Senat tashabbusi bilan mahalliy kengashlar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonunning qabul qilinishi hududiy vakillik organlari faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi muhim huquqiy asos bo‘ldi.
Xalqaro parlamentlararo hamkorlikni kengaytirish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, 13 xorijiy davlat parlamentlari bilan yangi do‘stlik guruhlari tashkil etildi, mamlakatimizda nufuzli parlament forumlari o‘tkazildi, 100 dan ortiq uchrashuv va rasmiy tashriflar amalga oshirildi. Bu esa O‘zbekiston parlamentining xalqaro maydondagi nufuzini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va parlament diplomatiyasining samaradorligini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Senat Raisi yil yakuniga qadar qonun ijodkorligi va tashabbuskorligini faollashtirish, parlament nazorati ta’sirchanligini oshirish, barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida hududlar, soha va tarmoqlarni rivojlantirish, parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlash, mahalliy kengashlarni qo‘llab-quvvatlash kabi qator ustuvor yo‘nalishlarda yanada aniq va samarali natijalarga erishilishini alohida ta’kidladi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA