Tanzila Norboyeva: parlamentga olib chiqilgan har bir masala bo‘yicha amaliy yechim va aniq natija bo‘lishi kerak
Senat yalpi majlisida yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Muhokama jarayonida mamlakatimizda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish, sohani raqamlashtirish, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini soddalashtirish hamda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratildi.
Mazkur masala bo‘yicha fikrlarini bildirgan Senat Raisi Tanzila Norboyeva Oliy Majlis palatalarida ko‘tarilgan barcha masalalarni chuqur o‘rganib, ular yuzasidan amaliy va samarali choralar ko‘rish zarurligini ta’kidladi.
– Beriladigan javoblar aniq va natijaga yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak, – dedi T.Norboyeva. – Shunchaki “choralar ko‘rilmoqda”, “ishlar boshlanadi” yoki “reja qilindi” mazmunidagi javoblar yetarli emas. Har bir muammoli masala bo‘yicha qanday choralar ko‘rilgani, ayni paytda qanday ishlar amalga oshirilayotgani, mas’ul tashkilot va shaxslar kim ekani, ishlarni yakunlash muddati, qachon aniq natijaga erishilishi aniq ko‘rsatilgan holda javob berilishi kerak. Ayniqsa, byudjet masalalari bilan bog‘liq muammolarga alohida e’tibor qaratish lozim. Zarur mablag‘larni shakllantirish, ularni maqsadli ravishda yo‘naltirish va muammolarni hal etish bo‘yicha aniq yondashuv bo‘lishi zarur. Zotan, parlamentga muammo shunchaki muhokama qilish uchun olib chiqilmaydi. Har bir ko‘tarilgan masala ortidan amaliy yechim va aniq natija bo‘lishi kerak. Shuning uchun biz uchun asosiy mezon – muammo ko‘tarildimi yoki yo‘qmi, degan masala emas, balki ko‘tarilgan muammo bo‘yicha qanday yechim topildi, qanday amaliy ishlar bajarildi va natijada aholi hayotida qanday ijobiy o‘zgarish yuz bergani diqqat markazimizda bo‘ladi.

Mazkur masala bo‘yicha ma’ruza qilgan Senat a’zosi Abdusaid Ko‘chimov o‘tgan 5 yil davomida sohani tartibga solishga oid 60 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganini qayd etdi. O‘z o‘rnida, kadastr sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish va axborot tizimlarini integratsiya qilish bo‘yicha muhim natijalarga erishildi. Jumladan, ilgari alohida faoliyat yuritgan “Davreyestr”, “Ko‘chmas mulk” va “Ko‘chmas mulk-3” axborot tizimlari o‘rniga Jahon banki bilan hamkorlikda Kadastr va ko‘chmas mulklarni ro‘yxatdan o‘tkazish integratsion axborot portali – UZKAD tizimi ishga tushirildi.
Yer va kadastr nazoratini raqamlashtirish orqali samaradorlikni oshirish maqsadida “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi joriy etilib, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi axborot tizimlari bilan integratsiya qilingan.

Yalpi majlisda senatorlar bu borada o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalarga e’tibor qaratdi. Jumladan, ko‘chmas mulk ob’ektlarining bozor qiymatini belgilash mexanizmlarini joriy etish hamda strategik investorlarga yer uchastkalarini ajratish tartibini soddalashtirish hamda aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatilayotgan kadastr xizmatlari sifatini oshirish choralarini ko‘rish zarur.
Bundan tashqari, kadastr organlari faoliyatida qonunchilik talablariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, qaror qabul qilish jarayonlarining qonuniyligi va asosliligi ustidan ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish lozimligi ham alohida ta’kidlab o‘tildi.

Muhokama yakunida ushbu va boshqa bir qator masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA