Tanzila Norboyeva Amina Muhammad bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Bosh kotibi birinchi o‘rinbosari Amina Muhammad bilan uchrashdi.
Muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish doirasida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ishlar, parlamentlararo hamkorlik, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada faollashtirish hamda yana bir qator muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Senat Raisi T.Norboyeva mehmonni samimiy qutlab, uni yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bilan yaqindan tanishtirdi.
Yaxshi qo‘shnichilik aloqalari, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash doirasida yaratilayotgan shart-sharoitlar, inson huquqlarini himoya qilish, odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish, qonunchilikni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar natijalari mehmonda katta qiziqish uyg‘otdi.
Muloqot jarayonida 2021 yilning 23-24 iyun kunlari Buxoro shahrida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo global hamkorlik masalalariga bag‘ishlangan xalqaro forum o‘tkazilganiga to‘xtalib o‘tildi.
Amina Muhammad so‘nggi yillarda O‘zbekistonda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlarga to‘xtalib, ushbu holatlar xalqaro doirada keng e’tirof etilayotganini aytib o‘tdi. Ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash borasida O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida yetakchi sifatida faol ish olib borayotganini alohida qayd etdi.
Tomonlar amalga oshirilgan ishlar bilan birga kelgusidagi rejalar haqida ham fikr almashdi.
O‘zA