Tanqidiy maqolaga qanday munosabat bildirildi?
O‘zA rasmiy saytida 2023 yil 13 iyun kuni “25 million so‘m kredit bir oilani boshi berk ko‘chaga kiritdi” sarlavhali tanqidiy maqola e’lon qilingan edi.
Maqola bo‘yicha Bosh prokuratura matbuot xizmati O‘zAga Nurota tumani prokuraturasi tayyorlagan ma’lumotni taqdim etdi.
Unda qayd etilishicha, “Fuqaro S.Tursunova va U.Eshboyevalarning fuqaro I.Shukurovning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yozgan arizalari yuzasidan tuman IIBda tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan.
Nurota tumani “Qizilcha” mahalla fuqarolar yig‘inidagi Soykechar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Sevara Tursunova ariza bilan murojaat qilib, unda 2021 yil may oyida “Nur Agro 2020” MCHJ rahbari Isroil Shukurov uyida tik quduq qazib berishni va’da qilib, uni aldab, ishonchiga kirib, kredit hujjatlariga imzo qo‘ydirib, uning uyida quduq qazish ishlarini boshlab, shundan so‘ng quduq qazish uskunasi buzilib qolganini bahona qilib, qazish ishlarini oxiriga yetkazmasdan ketib qolganini, shuningdek, bankdan uning nomiga rasmiylashtirilgan 25 million 800 ming so‘m miqdoridagi kredit mablag‘ini ham o‘zlashtirib ketganini, hozirda ushbu kredit summasi foizlari bilan hisoblaganda 40 million so‘mga yetib qolganini, MIB xodimlari kelib, pulni undan talab qilayotganini, I.Shukurov tomonidan bugungi kunga qadar bajarilishi lozim bo‘lgan quduq qazish ishlari amalga oshirilmasdan, o‘zlashtirilgan kredit mablag‘i ham qaytarilmasdan kelinayotgani sababli unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Mazkur holat yuzasidan Nurota tumani IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlarga ko‘ra biror-bir shaxsning harakatlarida jinoyat tarkibi aniqlanmagani, ko‘rsatib o‘tilgan holatlarda fuqaro S.Tursunova hamda I.Shukurovlar o‘rtasida tik quduq qazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgani, shartnomada ko‘rsatilgan majburiyatlar bajarilmagani holati shartnomaviy munosabat bo‘lgani sababli 09.05.2023 yilda JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.
Ushbu qaror tuman prokuraturasi tomonidan o‘rganilganda, tergovga qadar tekshiruv harakatlari to‘liq va har tomonlama olib borilmasdan shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilingani aniqlanib, 01.06.2023 yilda jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqidagi qarorni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilinib, qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borish uchun tuman IIBga yuborilgan. Hozirda tuman IIB tomonidan qo‘shimcha tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, fuqaro S.Tursunova ushbu holat yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Navbahor tumanlararo sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, sudning 01.06.2022 yildagi hal qiluv qarori bilan shartnoma shartlari tuliq bajarilmaganligi sababli javobgar “Nur Agro-2020” MCHJ zimmasiga fuqaro S.Tursunovaning uyiga tik quduq qazib berish va nasos o‘rnatib berish majburiyati yuklatilgan.
Mazkur hal qiluv qarori Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limiga kelib tushgan bo‘lib, byuro tomonidan sud qarori ijrosini majburiy ijrosiga kirishilgan”.
P.S: Demak, maqolada tilga olingan, ayni paytda muammolardan iztirobga tushib, to‘shakka mixlanib qolgan 65 yoshli onaxonning hovlisida quduq qazish ishlari boshlanadi.
Ushbu holat ijobiy natija topguncha nazoratimizda bo‘ladi.
Kredit mablag‘i maqsadsiz ishlatilganiga panja orasidan qaragan bank xodimlari xatti-harakatlariga ham baho beriladi, degan umiddamiz.
Bir oilaning boshiga berk ko‘chaga kirib qolishi va parokanda bo‘layotganiga befarq qaragan mutasaddilardan ham javob kutamiz.
Norgul Abduraimova, O‘zA