Tanqid endi hunarga aylandimi?
Hozirgi davrda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish islohotlari avj olib bormoqda.
Hozirgi davrda O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati va huquqiy davlat qurish islohotlari avj olib bormoqda. Davlat boshqaruvi “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ham prinsip, ham g‘oya asosida isloh etilmoqda.
“O‘zbekistonda Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi” asosida davlat hokimiyati organlarini nomarkazlashtirish islohotlari boshlandi. Fuqarolarning davlat boshlig‘i va boshqa oliy organlarga murojaatlarini yetkazishning zamonaviy tizimi shakllantirildi. Davlat boshqaruv organlari faoliyati fuqarolar murojaatlarida ko‘tarilayotgan muammolarni bartaraf etishdan iborat bo‘lishi qoida tusini oldi.
Keyingi uch yil ichida inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, diniy erkinlikni o‘rnatish kabi siyosiy islohotlarni nafaqat rivojlangan davlatlar rahbarlari va ekspertlari, balki xalqaro tashkilotlar ham e’tirof etmoqda. Aholini uy-joy bilan ta’minlash maqsadida qurilayotgan turar-joy binolari misli ko‘rilmagan darajada rivojlana boshladi.
1919 yilda sovet davlati tomonidan joriy etilgan, mustaqillik davrida ham davom etgan – maktab o‘quvchilari va talabalarni paxta yig‘im-terimiga majburiy ravishda jalb etish bir asrdan keyin – 2019 yilda Prezident Sh.M.Mirziyoev tomonidan butunlay bekor qilindi.
Asrlar mobaynida paxta xomash’yosi yetishtirib ro‘shnolik ko‘rmagan qishloq ahlining orzusi amalga oshdi – paxta yetishtirish maydonlari keskin ravishda qisqartirildi, bu sohadagi ishlar klaster tizimiga o‘tkazila boshlandi. Oliy ta’lim tizimiga yoshlarni jalb etish yiliga 18-20 foizdan ortib bormoqda.
Yangidan-yangi oliy o‘quv yurtlari, xorijiy universitetlarning filiallari ochilmoqda.
Iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi o‘zgarishlarga mutanosib ravishda siyosiy sohalarda ham tub o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Avvalgi davlat boshqaruvi turlari o‘z o‘rnini davlat xizmat ko‘rsatish organlariga bo‘shatib bermoq, davlat boshqaruvning asosi — aholi manfaatlari va milliy manfaatlaridan kelib chiqib amalga oshirilmoqda.
O‘zbekistonning yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish natijasida Markaziy Osiyoda nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy, balki ruhiy birlik qadriyati shakllandi.
Mintaqadagi davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro ziddiyatlar o‘rnini o‘zaro hamkorlikka intilish sai harakatlar egalladi. O‘zbekiston nafaqat Markaziy Osiyo yoki MDH davlatlari bilan o‘zaro hamkorlikka kirishdi, balki jahon tashqi siyosati va integratsiyasining faol sub’ektiga aylandi.
Bu holatni Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, AQSh kabi rivojlangan davlatlarning O‘zbekistonga bir necha milliardlab dollar miqdorida investitsiyalar kiritayotganligidan tasavvur etish mumkin.
Xullas, O‘zbekiston keyingi uch yil ichida xalqaro hamjamiyat tomonidan yangilanayotgan davlat sifatida e’tirof etilmoqda. Bu yangilanish nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda, balki inson huquq va erkinliklari sohasida ham avj olmoqda. Sud-huquq tizimi faoliyatining asoslari xalqaro tajribalar asosida butunlay yangilandi, bu sohaga shaffoflik va zamonaviy texnologiyalar kirib keldi. Sud hokimiyati ijroiya hokimiyat ta’siridan xoli etildi.
Sud organlarining fuqarolar oldidagi mas’uliyati va hisobdorligi prinsipi o‘rnatildi. Bu sohada huquqiy davlatga xos prinsiplar joriy etildi.
Albatta, o‘tgan qisqa, tarix uchun bir lahzalik – uch yil ichida amalga oshirilgan ma’muriy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy islohotlar va ma’naviy o‘zgarishlarni bir-ikkita sahifada ifodalab berishning hech bir iloji yo‘q.
Meni ajablantirgan, hayratga va taajjubga solgan hodisalar, bu – shunday tub o‘zgarishlarni qasddan e’tirof etmaydigan yoki ularni bila turib tanqid ostiga olayotgan odamlar iddaolarini eshitishdir.
Tanqid o‘qlari mamlakat ichkarisida va xorijda yashayotgan millatdoshlar tomonidan otilib turibdi. Ularni mazmunni bilan tanishar ekansan, xalq ichida tarqalgan quyidagi aforizm esga tushadi: “Hech qachon ikki kishi oldida sartaroshga soqolingni qirqtirma. Ulardan biri soqoling kalta bo‘p qopti, desa, ikkinchisi, uzun bo‘p ketipti”, der ekan yoki fransuz olimi Jan de Labryuyer “Tanqid – shu choqqacha fan bo‘lishga erishmasa-da, aqlni emas, balki bardoshlilikni, iste’dodni emas, balki odatlanishni, qobiliyatni emas, balki hafsala qilishni talab qiladigan hunarga aylandi”.
Ularning ba’zilari hukumat tomonidan parrandachilik va quyonchilikni rivojlantirishni tanqid qilsa, boshqalari yirik shaharlarda qurilayotgan sitilarni tanqid tig‘i ostiga oladi. Yana biri siyosiy partiyalar va parlamentni “qo‘g‘irchoq” ekanligini pesh qilsa, yana ba’zilari “o‘tgan uch yilda hech narsa o‘zgargani yo‘q, islohotlar kosmetikadan boshqa narsa emas” degan iddao bilan chiqmoqda.
Tanqid tig‘lari asosan davlat va hukumatga, siyosiy tizimga qarshi qaratilmoqda. Bu tanqidlarning hech birida mamlakatdagi muammolarning yechimlari yoki biron-bir konstruktiv takliflar yo‘q. Tanqid, tanqid ustiga yana tanqid! Axir tanqid biron muammoning yechimini topish yoki kamchilikni bartaraf etish uchun xizmat qilganligi uchun e’tirof etiladi-ku?
Aks holda, u tanqid emas, balki tuhmat tili deyiladi. Xalqimiz tilida esa mag‘zava, deyiladi.
Bu tanqidlarga xalqimiz e’tibor bermagan bo‘lsa-da, ularning ba’zilari mamlakatimizning xalqaro imijiga salbiy ta’sir etishi, xorijlik jamoatchilikda yurtimizga nisbatan shubhalar uyg‘otishi mumkin.
Nahotki, ular o‘zlarining tuhmatomuz yozg‘ilari bilan davlat rahbariyatiga emas, balki yuziga balchiq otayotganlarini bilmasalar! Xalq saylagan, xalq e’tirof etgan, xalqimiz farovonligi uchun kunduzni kunduz, kechani kecha demay, ter to‘kib mehnat qilayotgan rahbarga hujum – bu o‘zbek xalqiga, O‘zbekiston davlatiga hujum bilan barobardir, chunki “shohiga ursang, tuyog‘i zirqiraydi”, degan naql bejiz aytilmagan.
Albatta, ularni tushunsa bo‘ladi: ba’zilariga mansab tegmay qoldi, ba’zilari o‘zga yurtlarda yashashga majbur bo‘lib, o‘ch olish hislari bilan to‘lib toshgandir, yana ba’zilari esa tanqid vositasida o‘z nomlarini mashhur qilishni istaydi. Umuman, sabablar ko‘p. Lekin, ular xalqimiz yaratgan bir naqlni esdan chiqarmasliklari lozim: "it huradi, karvon o‘tadi".
Tanqidchilar o‘zbek millatiga mansub bo‘la turib, o‘z xalqi va Vataniga tosh otsalar, xalqaro maydonda ularning obro‘sini to‘ksalar, “O‘zbekistonda xalqni birlashtiradigan milliy g‘oya yo‘q” deb da’vo qilib, o‘zlari millatni bo‘lib tashlash yo‘lidan borsalar, bilmadim, ularning oqibati qanday bo‘lar ekan?
Tanqidchilarni ba’zilari “islomiy fuqarolik jamiyati qurish kerak”, degan iddaoni bildiradi. Nahotki, fuqarolik jamiyati diniylik asosiga qurilsa?
Jahondagi aksariyat davlatlar o‘z konstitutsiyalarida dunyoviy davlat sharoitida yashashlari bitib qo‘yilgan-ku! Axir har bir shaxsning e’tiqodi sifatida namoyon bo‘ladi-ku?
Diniy e’tiqod, diniy munosabatlar erkinligi fuqarolik jamiyati sharoitida o‘z takomiliga yetayotganligi hech kimga sir emas. Qolaversa, diniy e’tiqod, va diniy munosabatlar jamiyatda kechadi va muvofiqlashadi.
Davlat diniy munosabatlar bilan shug‘ullanmaydi, balki har bir shaxsning diniy e’tiqodi erkinligi, har bir dinning erkin yashashi uchun qonunlar va boshqa vositalar yordamida shart-sharoitlar yaratib beradi. Har qanday islom diniga e’tiqod qiladigan mamlakatda yahudiy, xristian, sintoizm, budda va boshqa dinlarga e’tiqod qiladigan fuqarolar yashaydi.
Har bir din asosida fuqarolik jamiyati qurilaverilsa, "bitta mamlakatda necha fuqarolik jamiyati bo‘lishi lozim?" degan savol tug‘iladi.
Hozirgi davrda tanqid jamiyat va davlat boshqaruvini takomillashtirish va demokratlashtirish vositasi sifatida qabul qilingan. Chunki tanqid va muxolifiy fikrlarsiz hech qanday jamiyat rivojlana olmaydi. Lekin, tanqid qilish uchun tanqid ob’ekti obdan o‘rganilishi, mazkur ob’ekt haqida fuqarolarning fikrlarini tahlil etish, sotsiologik so‘rovnomalar o‘tkazish talab etiladi.
Tanqidchilardan biri Feysbukda e’lon qilgan o‘z tanqidiy fikrlarini 20 mingta odam o‘z posti va layklari bilan ma’qullaganligini pesh qiladi.
Albatta, ularning aksariyat qismi xorijiy davlatlarda yashagan kishilardan iborat. 32 milliondan ortiqroq aholi bor mamlakat uchun 20-30 ming odamning fikri hech nimani anglatmaydi.
Sotsiologiya fanining tadqiq etish uslublariga binoan biron fikr yoki muqobil takliflarni to‘g‘riligini aniqlash uchun muayyan hududlar, turli ijtimoiy qatlam vakillari tanlab oladi. Ular aniq hujjatlashtirilgan anketalarda o‘z fikrini ifodalaydi yoki muqobil javoblardan birini tanlaydi.
Fikrni qo‘llanganligi yoki ma’qullanganligi ana shu yo‘l bilan aniqlanadi. Ob’ektdan bir necha ming kilometr uzoqda turib, o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagan, o‘zi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotda bo‘lmagan, sotsiologik tadqiq etilmagan holda biron-bir davlat tuzumini baholash soxtakorlikdan boshqa narsa emas.
Har bir inson uchun yer yuzida Vatandan muqaddasroq qadriyat bo‘lmasa kerak. Xalqimizning “Vatan – sajdagoh kabi muqaddasdir” degan purhikmat naqli yoki Payg‘ambar alayhissalomning “Hubbul-Vatani minal Imon” (“Vatanni sevmoq Imondandir”) degan kalomi bejiz aytilmagan. Kimki “jasurlik” ko‘rsatish, “mashhur” bo‘lish istagini o‘z Vatanini qoralash yo‘li bilan amalga oshirsa, albatta oxiri baxayr bo‘lmaydi. Bu haqda birgina Gerostrat qilmishini misol keltirish joiz deb o‘ylayman.
Efes degan antik shaharda Zevsning qizi, Apolloning singlisi – ma’buda Artemida nomiga bunyod etilgan muhtasham va mashhur ibodatxona go‘yoki bir diniy markaz edi.
Miloddan ilgarigi 356 yil 21 iyulda bir mudhish hodisa ro‘y beradi. Gerostrat degan bir kimsa o‘z xatti-harakatlari va urinishlari natijasi o‘laroq mashhurlik maqomini qo‘lga kirita olmaydi. Undagi shuhraparastlik tuyg‘ulari uni jinoyatga yetaklaydi: yarim tunda Artemida ibodatxonasiga o‘t qo‘yadi. Ibodatxona yonib kulga aylanadi. Lekin, Gerostratning orzusi ushaladi – u mashhur (albatta, salbiy inson sifatida) odam sifatida tarixda qoladi.
Hozir rivojlanayotgan, tobora go‘zallashib borayotgan yurtimizga tanqid toshlarini otayotgan, qurilayotgan go‘zal va muhtasham imoratlarimizni ko‘rib talvasaga tushayotgan kimsalarni manhuslar deyishdan boshqa so‘z topilmaydi. Oradan 2375 yil o‘tsa-da, yana Gerostrat qabilidagi kimsalarning paydo bo‘layotganligi barchamizni hushyorlikka chorlashi lozim.
Muqimjon Qirg‘izboev,
siyosiy fanlar doktori, professor, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti kafedrasi mudiri