Tanqid bo‘lyapti, e’tirozlar bildirilyapti, lekin unga javob yo‘q
Senat yalpi majlisida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ijro etilishi to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqilmoqda.
Unda bu boradagi muammo, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sanab o‘tildi. Jumladan, hokimyat va boshqaruv organlari tomonidan aksariyat hollarda o‘tkaziladigan ommaviy tadbir, majlis, kengash, uchrashuv, matbuot anjumanlari va boshqalar to‘g‘risida OAVni xabardor qilish, mazkur tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartib-taomillari o‘rnatilmagan.
Mahalliy hokimliklar qabul qilayotgan qaror loyihalarini muhokama etishi nafaqat aholi o‘rtasida, balki OAV vakillari o‘rtasida ham muhokamasi tashkil etilmagan.
Jizzax viloyatining G‘allaorol, Namangan viloyatining Chust va Namangan, Farg‘ona viloyatining Farg‘ona va Oltiariq, Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanlari hokimliklarining veb-saytlarida “Fuqarolarning murojaatlari” bo‘yicha rukn umuman tashkil etilmagan.
O‘rganilgan hududlarda aholini qiynayotgan mavjud muammolar biror marta hokimiyat organlarining veb-saytlari va boshqa axborot manbalarida yoritilmagan. Tahlil etilgan viloyat va tumanlarda aholi murojaatlari sahifasi yuritilmagan. Natijada murojaat bilan ishlash axborot xizmati nazaridan chetda qolgan.
Ayrim vazirlik va idoralar va hokimliklar ommaviy axborot vositalari orqali murojaatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirmayapti. Turli internet tarmoqlarida tanqid bo‘lyapti, e’tirozlar bildirilyapti, lekin unga javob yo‘q. Masalan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi 420 murojaatning 176 tasiga, Sog‘liqni saqlash vazirligi 354 murojaatning 132 tasiga, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi 253 murojaatning 140 tasiga javob bermagan.
O‘rganilgan hokimiyat va boshqaruv organlarining rasmiy veb-sayt sahifalariga ma’lumotlar joylashtirilmagan. Qonunga ko‘ra, hokimiyat va boshqaruv organlarining rasmiy veb-saytlarida joylashtirilgan faoliyatga oid ma’lumotlar yangilab borilmagan. Ayrim ruknlarga esa ma’lumotlar umuman joylashtirilmagan.
5 ta davlat organi va tashkilotining rasmiy veb-saytlari mavjud emas. O‘rganilgan hokimiyat va boshqaruv organlari mutasaddilari tomonidan axborot taqdim etish uchun mansabdor shaxs belgilanmagan, faoliyat ochiqligini buzgan mansabdor shaxslarga nisbatan tegishli choralar ko‘rish mexanizmi joriy etilmagan.
Shuningdek, Qonunga ko‘ra hokimiyat va boshqaruv organlarida ochiq hay’at yig‘ilishlarida hozir bo‘lish tartibi joriy qilinmagan. Oqibatda OAV vakillarining ochiq hay’at yig‘ilishlaridagi ishtiroki ta’minlanmagan.
Nurillo NASRIEV, O‘zA