Tanlovning viloyat bosqichi o‘tkazildi
Sirdaryo viloyatida bilim, tajriba va pedagogik mahorati bilan ajralib turayotgan ustozlar “Yil o‘qituvchisi – 2026” respublika tanlovining viloyat bosqichida o‘zaro bellashishdi. Uch kun davom etgan nufuzli tanlovda viloyatning barcha shahar va tumanlaridan saralab olingan 22 nafar pedagog o‘zining kasbiy salohiyati, innovatsion yondashuvlari va ijodiy tajribasini namoyon etdi.
Guliston shahridagi Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazida tashkil etilgan tanlov Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tashabbusi bilan o‘tkazildi. Tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad – ta’lim muassasalarida samarali faoliyat yuritayotgan, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etayotgan, ilg‘or ish tajribasiga ega o‘qituvchilarni aniqlash, ularning faoliyatini munosib rag‘batlantirish va ommalashtirishdan iborat bo‘ldi.
Tanlov boshlanishidan oldin Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev ishtirokchilar va hakamlar hay’ati a’zolari bilan uchrashdi. Uchrashuvda bellashuvni ochiqlik, shaffoflik va xolislik tamoyillari asosida o‘tkazish, har bir ishtirokchining bilim va mahoratiga xolis baho berish, baholash mezonlariga qat’iy rioya qilish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi. Shuningdek, vazir o‘rinbosari ishtirokchilarga omad tilab, mazkur tanlov pedagoglar uchun tajriba almashish, o‘z salohiyatini namoyon etish va kasbiy o‘sish imkoniyatini yaratuvchi muhim maydon ekanini ta’kidladi.
Viloyat bosqichiga qadar ishtirokchilar bir nechta saralash jarayonlaridan muvaffaqiyatli o‘tdi. Dastlab ularning malaka toifasi natijalari hisobga olindi. Keyingi bosqichlarda dars o‘tish mahorati, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash ko‘nikmalari, ma’naviy-ma’rifiy faoliyati hamda kitobxonlik savodxonligi baholandi. Yakuniy bosqichda esa ishtirokchilar o‘z faoliyati, amalga oshirgan innovatsion ishlari va erishgan natijalari yuzasidan taqdimotlar qildi.
Bellashuvning eng mas’uliyatli sinovlaridan biri kitobxonlik bo‘yicha test jarayonlari bo‘ldi. Ishtirokchilarga tavsiya etilgan 21 ta manba asosida savollar berildi. Ularning 16 tasini badiiy adabiyotlar tashkil etgan bo‘lsa, qolgan qismi Prezident asarlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Ta’lim to‘g‘risida» hamda «Pedagogning maqomi to‘g‘risida» gi qonunlarga bag‘ishlandi. Bu orqali pedagoglarning kasbiy bilimi bilan bir qatorda kitobxonlik madaniyati, huquqiy savodxonligi va ma’naviy dunyoqarashi ham baholandi.
[gallery-30641]
— Davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasiga qaratilayotgan yuksak e’tibor pedagoglarning kasbiy mahoratini muntazam oshirish, ilg‘or tajribalarni keng ommalashtirish va ta’lim jarayoniga innovatsiyalarni joriy etishga keng imkoniyat yaratmoqda. “Yil o‘qituvchisi” tanlovi esa ustozlar uchun nafaqat bellashuv, balki o‘zaro tajriba almashish, yangi g‘oya va tashabbuslarni namoyon etish maydonidir. Bu kabi tanlovlar pedagoglarni doimiy izlanishga, o‘z ustida ishlashga va ta’lim sifatini yanada yuksaltirishga undaydi, — deydi Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hilola Nazarbekova.
Tanlov ishtirokchisi, Shirin shahridagi 3-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sayyora Berdiyorova mazkur tanlov har bir pedagog uchun katta tajriba maktabi ekanini ta’kidlaydi.
— Taqdimot bosqichida faoliyatim va shaxsiy rivojlanishim bo‘yicha yuqori bahoga sazovor bo‘lganim keyingi sinovlarda menga katta ishonch bag‘ishladi. Ayniqsa, kitobxonlik bo‘yicha tashkil etilgan testlar tanlovning eng mas’uliyatli bosqichlaridan biri bo‘ldi. Eng asosiysi tanlovning ochiq va adolatli tashkil etilgani esa bizga yanada katta ishonch va ruhiy dalda bag‘ishladi, — dedi u.
Uch kunlik bellashuv yakunida eng yuqori natijalarni qayd etgan pedagoglar g‘olib deb topiladi va ular joriy yilning 1-oktabr — O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan munosib taqdirlanadi.
Bugun “Yil o‘qituvchisi” tanlovi eng yaxshi pedagoglarni aniqlash bilan cheklanmay, ta’lim tizimida raqobat muhitini kuchaytirish, ilg‘or metodikalarni ommalashtirish, o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yuksaltirish va sohada sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilishga xizmat qilayotgan muhim kasbiy-ma’rifiy loyihaga aylandi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA