Tanlov: “Yosh musavvir qizlar”
O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Yosh musavvir qizlar” ko‘rgazma tanlovi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni o‘tkazishdan maqsad, davlatimiz rahbarining 2018 yil 28 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni yanada rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, tasviriy san’at yo‘nalishidagi yosh ijodkor qizlarni rag‘batlantirish, ularning izlanishi, o‘z qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratishdan iborat.
Ko‘rgazmali tanlovga ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatlari, bolalar musiqa va san’at maktablaridan 42 nafar is’tedodli qiz 110 ta rangtasvir, grafika va haykaltaroshlik san’ati namunasidagi asarlari bilan ishtirok etdi. Miyassar Xudaybergenova, Sofiya Lim, Zarafshon Orazimova, Sarbinoz Jenisboyeva, Mehribon Berdimuratovaning ijodiy ishlarida turli sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan xotin-qizlar, hayotimizning fayzu farishtasi bo‘lgan munis onalarimiz, mehribon opa-singillarimiz obrazi aks ettirilgan.
Tadbirda Xo‘jayli tumanidagi 4-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Sevara Kamalova birinchi, Nukus ixtisoslashtirilgan san’at maktabi o‘quvchisi Feruza Jumaniyazova ikkinchi, Nukus shahridagi Yesjon baxshi nomidagi bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchisi Gulnoz Jollibayeva uchinchi o‘rinlarni egalladi.
G‘olib va faol ishtirokchilar O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
[gallery-6023]
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA