Ta’limi tizimi: amaliyot, islohot va samara
bugungi kunda global miqyosdagi o‘zaro aloqalarning kuchayishi natijasida aholi hayotining huquqiy, ijtimoiy, demografik, diniy va boshqa tomonlariga ta’siri tobora ortib bormoqda. Mana shunday murakkab bir paytda har tomonlama bilimdon milliy kadrlarni yetishtirish yanada dolzarblashmoqda.
Shuning uchun oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yoshlarni tarbiyalash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurati tobora ortmoqda. Zero, zamonaviy taraqqiyotning asosiy manbai shaxsning rivojlanishi, uning o‘zini o‘zi takomillashtirishi, yangidan yangi bilimlarni o‘zlashtirib borishi davr talabidir.
Biz yaxshi bilamizki, oliy texnik ta’limning rivojlanish strategiyasini belgilovchi zamonaviy jamiyat taraqqiyotining asosiy tendensiyalari umumjahon miqyosda belgilanadi: "axborot jamiyati", "axborot iqtisodiyoti", "innovatsion ta’lim", "bilimlar jamiyati", "bilimga asoslangan iqtisodiyot". Bu atamalar “quyultirilgan shaklda” iqtisodiyot va madaniyatning integratsiyalashuvini aks ettiradi. Amerikalik olim, sotsiologiya fanlari doktori Ronald Inglehart jamiyat rivoji uchun madaniy yoki iqtisodiy omillar ijtimoiy-iqtisodiy o‘sishni belgilaydimi, degan savolni qo‘yishning o‘zi noo‘rin deydi. Zotan, madaniy omillar iqtisodiy omillar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, bu uzoq muddatda ba’zi jamiyatlar iqtisodiy o‘sish sur’atlarini boshqalarga qaraganda ancha yuqori ko‘rsatishini eng aniq tarzda tushuntiradi. Iqtisodiyot esa madaniyat va siyosatni belgilaydi yoki aksincha. Siyosiy, iqtisodiy va madaniy o‘zgarishlar chambarchas bog‘liqdir, deb yozadi olim.
O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha bo‘lgan davrda uzoq muddatli ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturida: “Innovatsion iqtisodiyotni shakllantirishning zarur sharti iqtisodiyotning dinamik o‘sishining asosi bo‘lgan ta’lim tizimini modernizatsiya qilishdir va jamiyatning ijtimoiy rivojlanishi, fuqarolar farovonligi hamda mamlakat xavfsizligi omilidir. Ta’lim sohasidagi davlat siyosatining strategik maqsadi – bu iqtisodiyotni innovatsion rivojlantirish, jamiyat va har bir fuqaroning zamonaviy ehtiyojlari javob beradigan sifatli ta’limning mavjudligini oshirishdir”, deyilgan. Demak, ta’lim tizimini taraqqiy ettirish orqali mavjud muammolarni yechish mumkin.
Ta’lim insoniyat madaniyatining muhim va ajralmas quyi tizimi, jamiyat har bir a’zosining individual tabiiy moyilliklarini o‘zgartirish va amalga oshirish asosida uning ijodiy salohiyatini rivojlantirish sharti va shaklidir.
Dunyoda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy, ilmiy-texnikaviy va ijtimoiy-psixologik jarayonlar dinamikasini o‘rganish, tadqiq etish, ularning mohiyatini tushunish va rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlarini prognozlash maqsadlarni asosli tanlay bilish kerak. Demak, nazoratsiz o‘zgaruvchan tashqi sharoitlarda innovatsion kasbiy faoliyatni amalga oshirish uchun oliy texnik ta’lim sub’ektlarini uzluksiz tayyorlab borish, ularni o‘z-o‘zini tayyorlash texnologiyasining mazmunini kuchaytirish, loyihalash va joriy etish, vazifalarni belgilash zarurdir.
Biz yashayotgan dunyo juda tez o‘zgarmoqda. XXI asrda har qanday mamlakatning ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy yutuqlarining xalqaro reytingidagi o‘rni yuqori texnologiya yutuqlarining “innovatsion oqimlari”ning intensivligi bilan belgilanadi. Fan, texnologiya, ishlab chiqarish va biznesdagi ketma-ket innovatsiyalar allaqachon zamonaviy davlatlarning iqtisodiy rivojlanishi uchun imperativga aylandi. Shu boisdan ham har qanday faoliyat sohasidagi innovatsiyalar aniq shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Siyosat nazariyasiga ko‘ra, shaxsning innovatsion yo‘nalishini ijodiy shaxsning o‘ziga xos sifatida ko‘rib chiqish mumkin, chunki u kasbiy va ijtimoiy o‘zini o‘zi anglash, yangi bilimlarni yaratishda yuqori darajadagi ehtiyojdir. Ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar, bu ijodiy energiyani to‘ldirish uchun individual o‘zini o‘zi rivojlantirish mexanizmini “ishga tushirish” uchun psixologik asosdir.
Biz yaxshi bilamiz-ki, postindustrial jamiyatda xizmat sohalarining ahamiyati ortadi, fan va ta’lim asosiy o‘rinni egallaydi, ijtimoiy tizimda esa yetakchilik mavqei olimlar va kasb mutaxassislariga o‘tadi. Eng muhimi, nazariy bilim yangiliklarini kiritish, kerak bo‘lsa, siyosatni shakllantirish manbai bo‘lib xizmat qiladi. Shuning uchun axborot olish, tarqatish va undan foydalanish jamiyat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etadi. Zotan, postindustrial jamiyat sharoitida muhandislarning kasbiy malaka darajasiga, ularning innovatsion fikrlash va harakat qilishga tayyorligiga talablar doimiy ravishda oshib bormoqda. Bu birinchi navbatda bitiruvchilarning kasbiy sohada innovatsiyalar yaratish qobiliyati oliy o‘quv dargohlardagi kasbiy tayyorgarlik jarayonlarining nechog‘liq yangiligiga, shu bilan birga, professor-o‘qituvchilarning dunyo qarashlari, faoliyatining innovatsion yo‘nalishiga, ta’lim va madaniyatning innovatsion to‘yinganlik darajasiga bog‘liqdir.
Ta’limni keng ko‘lamli modernizatsiya qilish, shu jumladan, oliy ta’limning bosqichli tuzilmasiga o‘tish va malakaviy yondashuvni joriy etish sharoitida texnik oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining muvaffaqiyatli ishlashga kasbiy, pedagogik tayyorgarligini ta’minlash muammolari hamda ta’lim dasturlarini amalga oshirish har qachongidan ham dolzarbdir.
Jamiyat taraqqiyotida pedagoglar faoliyatining yuksak ahamiyati Prezidentimiz tomonidan ta’kidlanib kelinmoqda. Davlatimiz rahbari oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan uchrashuvda: “O‘qituvchi, hech shubhasiz, hayot yo‘lini juda to‘g‘ri tanlagan shaxs. Chunki demokratik jamiyatni qurish, bozor iqtisodiyotini yaratish, bilimli odamlarsiz mumkin emas. Yangi O‘zbekistonning kelajakdagi fuqarosi qanday bo‘lishi ham sizga bog‘liq”, deya ta’kidlagan edi.
Demak, oliy o‘quv yurtlarining professor-o‘qituvchilari bozor iqtisodiyoti rivojlanishi sharoitida muhandislar va magistrlarni zamonga mos ravishda raqobatbardosh faoliyatga tayyorlash uchun javobgar. Oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining uzluksiz malakasini oshirish bitiruvchilarning kasbiy tayyorgarligi sifati zamonaviy ta’lim xizmatlarining “ajralmas iste’molchisi”ning o‘zgaruvchan ehtiyojlari va talablariga javob berishini ta’minlashning zaruriy shartidir. Shuning uchun ham oliy ta’lim o‘qituvchilarining yuqori darajadagi kasbiy-pedagogik malakasi tobora innovatsion mahalliy iqtisodiyotni shakllantirish omiliga aylanib bormoqda.
Bo‘lajak bakalavrlar, mutaxassislar, muhandislik va texnologiya magistrlari uchun kasbiy tayyorgarlikni ta’minlaydigan o‘qituvchilarning pedagogik faoliyati o‘ziga xos, ajralib turadigan xususiyatga ega – bu aniq ijtimoiy determinizm. Fanni ko‘p talab qiluvchi mahsulotlar iste’molchilarining prognostik talablariga javob beradigan “yetakchi” innovatsion faoliyat natijalari iqtisodiyotni rivojlantirish va raqobatbardoshligini oshirishning asosiy omillaridan biri hisoblanadi.
Hozirgi vaqtda xalqaro texnik universitetlar tizimida yetakchi o‘rinni o‘qituvchilar va talabalar jamoalarining yaxlit intellektual salohiyatini doimiy ravishda takomillashtirishga qodir bo‘lganlar egallab turibdi. Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy ahamiyatga ega innovatsion texnika va texnologiyalar namunalarini birgalikda ishlab chiqish va bozorga ilm-fan talab qiladigan mahsulotlar yaratish, so‘ngra ularni sanoat ishlab chiqarish bosqichiga qo‘llab-quvvatlash va yuqori talabni rag‘batlantirish ularning salohiyatini faollashtirish va “ob’ektivlashtirish”ning muhim shartidir.
Xulosa o‘rnida, shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston sharoitida talabalarga yo‘naltirilgan aniq yondashuv bu – zamonaviy texnika va texnologiyalar oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilarining innovatsion kasbiy-pedagogik faoliyatini yuksaltirish, maqsad esa har bir talabaning shaxsiyatini ochib berish, ular uchun zarur tashkiliy va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni yaratishdan iborat. Shu boisdan ham O‘zbekistonning innovatsion iqtisodiyotini yaratishda, rivojlantirishda oliy texnik universitetlarining professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyati asosiy omil hisoblanadi.
B.Sh.Usmonov
Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektori,
pedagogika va texnika fanlari doktori,
professor
O‘zA
NB.