Ta’limga oid xalqchil islohotlar Konstitutsiyada aks etmoqda
Ta’lim sohasi har qanday davlatning buguni va kelajagini belgilab beruvchi taraqqiyotning eng muhim drayveri hisoblanadi. So‘nggi yillarda fuqarolarning ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu borada so‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim sohasida 11 yillik ta’lim tizimi joriy etildi.
Yangicha mazmun va shakldagi Prezident maktablari va Ijod maktablari ish boshladi. Kasb-hunar ta’limi takomillashtirildi. Ta’lim muassasalari moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va rivojlantirish, pedagoglarning maoshi va kasbiy malakasini oshirish, ish sharoitini yaxshilash bo‘yicha tarixiy qadamlar qo‘yildi.
XX asr boshida faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ ma’rifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari ta’lim va fan ahlining shioriga aylanib ulgurgan.
Ko‘p yillar davomida o‘qituvchining jamiyatdagi mavqei havas qilguli darajada bo‘lmaganligi, ularning asosiy vazifasi bir chetda qolib, o‘zlariga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan ishlarga jalb etilishi, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, muallimlarning “xo‘jayini” ko‘payib ketgani ta’lim olishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqdan foydalanishda jiddiy to‘siqlarni vujudga keltirgan edi.
Yaqinda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik bayramida so‘zlagan nutqida Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan asosiy vazifadan biri ta’lim tizimini isloh qilish ekanligini ma’lum qilgan edi.
Prezidentimiz tomonidan “Yangi O‘zbekiston maktab ostonasidan boshlanadi”, degan ezgu g‘oya asosida Abdulla Avloniy, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ubaydulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Ibrat domla, Abdulla Qodiriy kabi millatparvarlarning maorif va ta’lim sohasidagi ishlarini davom ettirish, mamlakatimizda Uchinchi Renescans poydevorini yaratish va milliy yuksalishni ta’minlashning aniq chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Ta’lim muassasalarini ilg‘or xorijiy davlatlar va milliy qadriyatlarimiz asosida zamonaviy ma’no-mazmun, ilm-ma’rifat, tarbiya maskaniga aylantirishni eng muhim ustuvor vazifa sifatida qo‘yilishi tahliliy fikrlaydigan, mustaqil fikri va dunyoqarashiga ega bo‘lgan, zamonaviy global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan intellektual bilimga ega inson omilini shakllantirishga xizmat qiladi.
Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasiga davlatning uzluksiz ta’lim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarining rivojlantirilishini ta’minlashi lozimligi to‘g‘risidagi qo‘shimcha kiritilmoqda. Xalqimizdan kelib tushgan takliflarni inobatga olgan holda Konstitutsiyaning 41-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirish ikkita muhim jihatni o‘z ichiga oladi.
Birinchidan, davlatimiz rahbari “Ta’lim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, deya ta’kidlaganidek, ta’limning har bir bosqichida yetarli qamrov darajasini ta’minlash, ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, ta’limni davom ettirishga shart-sharoitlarni yaratish aniq ishlar amalga oshirilishini talab etadi. Mamlakatimiz aholisining 60 foizi yoshlar ekanligini inobatga olsak, bu borada bizda ulkan salohiyat borligiga amin bo‘lamiz.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobar ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil etildi. Boshqacha aytganda, bog‘chalarda ta’lim va tarbiya oladigan bolalar soni 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi.
Keyingi yillarda oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar ko‘payib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir. Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobar ortganini, oliy ta’lim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizga oshganini qayd etish lozim.
Taklif etilayotgan qoida davlatning ta’lim sohasidagi majburiyatini belgilamoqda. Xorijiy mamlakatlar tajribasiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, Germaniya, Italiya, Fransiya, Singapur, Janubiy Koreya, BAA, Qatar kabi mamlakatlarda ta’lim masalasi davlatning muhim vazifasi sifatida belgilangan. Aynan davlatning majburiyatini belgilash sohadagi muammolarni tizimli va manzilli hal etishga imkoniyat beradi.
Ikkinchidan, ta’lim sohasida davlat-xususiy sherikchilik tamoyili asosida ta’lim tizimini rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Avval nodavlat ta’lim tashkilotlari kam bo‘lgan hamda aholi orasida ularga bo‘lgan ishonch unchalik yuqori bo‘lmagan. Lekin jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, nodavlat ta’lim sektori sog‘lom raqobat va sifatni ta’minlashga imkon beradi. YUNISEFning “Maktabgacha ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklik: O‘zbekiston uchun xalqaro tajriba va saboqlar” nomli tavsiyasiga ko‘ra, nodavlat maktabgacha ta’lim muassasalari moslashuvchanlikni, raqobatni ta’minlaydi va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Buni AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada kabi mamlakatlar tajribasi tasdiqlaydi. O‘zbekistonda ham xususiy maktabgacha ta’lim muassasalariga ota-onalarning ishonchi ortib bormoqda.
Davlat ta’lim tizimi bilan bir qatorda nodavlat sektorining ham rivojlantirilishi ta’limga bo‘lgan ehtiyojlarni qondirishga, sog‘lom raqobatning shakllanishiga xizmat qiladi. Fuqarolarimizda ta’lim xizmatlarini tanlashda tanlov imkoniyatlari kengayadi. Davlat mazkur jarayonda ta’lim sifati monitoringini amalga oshirishi lozim bo‘ladi. Umuman olganda qayd etilgan taklif O‘zbekiston Respublikasida maktabgacha, xalq va oliy ta’lim tizimlarini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyalarini samarali amalga oshirishga asos yaratadi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, taklif etilayotgan qoidadan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’lim tizimini rivojlantirish. Ta’lim sifatini oshirish kompleks yondashuvni, ya’ni huquqiy, tashkiliy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa jihatlarni o‘z ichiga oluvchi davlat siyosati yuritilishini talab etadi. Bunda, huquqiy choralar davlat siyosatiga tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi. Binobarin uzluksiz ta’lim tizimining konstitutsiyaviy kafolatlari sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarni bajarishga imkon beradi.
Malohat SAIPOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi
universiteti dotsenti