Ta’limdagi xalqaro hamkorlik samaralari
Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Koreyada ta’lim safarida bo‘lib qaytdi.
O‘zbekiston va Janubiy Koreya davlatlari o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish doirasida joriy yilning 18-22-iyul kunlari Koreya Respublikasi elchixonasi huzuridagi Koreya Respublikasi ta’lim markazi hamda Koreya Respublikasi Kuongbuk shahar ta’lim boshqarmasi hamkorligida o‘zaro tajriba almashish seminari tashkil etildi.
Seminarda maxsus taklif asosida Buxoro viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Farrux Qurbonov boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
– Seminar jarayonida xorijda koreys tili ta’limi, zamonaviy ta’lim yondashuvi, koreys tili pedagoglarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha tajriba almashish, bu boradagi yangi vazifa va maqsadlar yuzasidan ma’ruzalar, savol-javoblar, Kuongbuk shahar ta’lim boshqarmasining ushbu sohaga mas’ul vakillari ishtirokidagi o‘zaro hamkorlik loyihalari yuzasidan taqdimotlar bo‘lib o‘tdi, – deydi boshqarma boshlig‘i Farrux Qurbonov. –Buxoro viloyati umumta’lim maktablarida koreys tilini o‘qitish borasida o‘ziga xos tajriba va bir qator yutuqlar mavjud. Ayni paytda Buxoro shahridagi 19- va 42-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablarida xorijiy til sifatida koreys tilini o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu ta’lim muassasalarida faoliyat olib borayotgan 7 nafar koreys tili fani o‘qituvchilarining 5 nafari xalqaro darajadagi sertifikatlarga ega.
2009 yildan buyon koreys tiliga ixtisoslashtirilgan maktab maqomida bo‘lgan 19-IDUMda tahsil olayotgan 1 ming 540 nafar o‘quvchidan 318 nafari ayni paytda ixtisoslashtirilgan sinflarda koreys tilini o‘rganmoqda. Maktab bitiruvchilarining 4 nafari Koreya davlatining nufuzli universitetlarida, 2 nafari Koreyaning Toshkentdagi oliygohlarida tahsil olmoqda. Maktabning 11-sinf o‘quvchisi Sitorabonu Abrorova 2022 yilda Koreya o‘quv markazi tomonidan MDH davlatlari o‘rtasida tashkil etilgan “Notiqlik tanlovi”da ishtirok etib, 1 –o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Joriy yilning aprel oyida Koreyaning Inchon shahridagi Yonse o‘rta maktabi bilan o‘zaro ta’lim almashinuv hamkorlik shartnomasi imzolandi va ushbu shartnomaga asosan avgust oyida maktab o‘quvchilari ishtirokida Koreya davlatiga ta’lim sayohati uyushtirilishi rejalashtirilgan.
Buxoro shahridagi 42-umumta’lim maktabi ham 2020 yildan koreys tiliga ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi maqomini olgan. 2020-2021 o‘quv yilida maktab o‘quvchilarining 12 nafari va o‘qituvchilarning 5 nafari Koreya ta’lim vaziri tomonidan imzolagan sertifikatlar hamda sovg‘alar, iqtidorli o‘quvchilardan bir nafari faol ishtiroki uchun medal bilan taqdirlandi. Maktab bitiruvchilarining 2 nafari grant asosida Koreyadagi nufuzli oliygohlarda ta’lim olmoqda. Ilg‘or tajribaga ega mahoratli koreys tili o‘qituvchilari esa ikki yildan buyon “Eng yaxshi dars ishlanmasi” tanlovining viloyat bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritmoqda.
Qisqa muddat ichida erishilgan bu kabi salmoqli yutuqlari tufayli 42-IDUM Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi qoshidagi Koreya Respublikasi Ta’lim Markazi tomonidan “Koreys tilini o‘qitish bo‘yicha namunali maktab” deb topildi. Joriy yilning 16-17-may kunlari Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan Buxoroda koreys tilini o‘qitilishi bo‘yicha respublika miqyosidagi seminar tashkil etildi. Toshkentdagi Koreya ta’lim markazi direktori Pang Ju Man va markaz vakillari har ikkala maktab faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Bu boradagi hamkorlikni yanada kuchaytirish borasida kelishib olindi.
Koreya safari jarayonida boshqarma boshlig‘i shular xususida to‘xtalib o‘tdi. Viloyat maktablarida o‘quvchilarning koreys tilini o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi kuchli ekanligi, ikki davlatning ta’limdagi hamkorligi bu qiziqishlarni yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladi.
Delegatsiya a’zolari seminar doirasida Koreyadagi bir qancha ta’lim markazlari, o‘rta va tadqiqot maktablarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Seminar yakunida yana bir qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirish rejalashtirildi.
Zarif Komilov, O‘zA