Ta’limdagi tenglik — taraqqiyot kaliti
Ta’lim mamlakat kelajagini barpo etishda eng asosiy omillardan biridir. Ta’limga e’tibor yuksak bo‘lgan jamiyatda yangi g‘oyalar, yangi maqsadlar yaraladi. Bugungi kunda taʼlim tizimini takomillashtirish va barcha bolalar uchun teng imkoniyat yaratish dunyo davlatlari oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan inklyuziv taʼlim tizimi alohida ahamiyat kasb etadi. Inklyuziv taʼlim bu nogironligi bo‘lgan yoki alohida taʼlim ehtiyojiga ega bolalarni sog‘lom tengdoshlari bilan birgalikda o‘qitish jarayonidir. Ushbu tizim har bir bolaning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga, bilim olish huquqidan teng foydalanishiga xizmat qiladi. BMTning ta’limga yo‘naltirilgan siyosati negizida ham aynan har bir bolaning ta’lim ehtiyojlarini inobatga olish, ta’lim jarayonini tashkil etishda har bir bolaning imkoniyatlariga moslashgan ta’lim shaklini yaratish g‘oyasi ustuvor ekanligi, YUNESKOning inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan dasturlarida alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolalar va kattalar uchun xavfsiz va qulay ta’limni ta’minlashga qaratilgan me’yorlar, standartlar hamda intellektual hamkorlikni modernizatsiyalash masalalariga e’tibor qaratilganligi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida belgilangan ijtimoiy tenglik qoidalarini amalga oshirishda ta’limning barcha uchun ochiqligi kabi yondashuvlar inklyuziv ta’limning dunyo hamjamiyatidagi ahamiyatini izohlab beradi.
Inklyuziv ta’lim nafaqat alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalarga umumta’lim sharoitida ta’limni tashkil etish, balki ta’limda tenglikni ta’minlash, jamiyatning barcha a’zolarining ehtiyojlaridan, rivojlanish xususiyatlaridan qat’iy nazar ularning huquqlari va jamiyatdagi mavqeyini tenglashtirishga qaratilgan davlat siyosatidir. Shu o‘rinda inklyuziv ta’lim insonparvarlik g‘oyalarini targ‘ib etish, jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va birdamlikni qaror toptirish, kelajakni birgalikda barpo etishda yakdillikni ta’minlashning amaliy ko‘rinishlaridan biridir deyish mumkin.

Oʻzbekistonda ham soʻnggi yillarda inklyuziv taʼlimni rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. 2020 yilda Oʻzbekiston Respublikasida “Inklyuziv taʼlimni rivojlantirish konsepsiyasi” tasdiqlandi. Ushbu konsepsiya asosida 2025 yilgacha bo‘lgan davrda alohida taʼlim ehtiyojiga ega bolalarni umumtaʼlim maktablariga bosqichma-bosqich jalb qilish vazifalari belgilandi. Natijada ko‘plab maktablarda maxsus sinflar tashkil etildi, pedagoglar malakasi oshirildi va taʼlim muassasalarida qulay sharoitlar yaratila boshlandi. Bugungi kunda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga nazar tashlasak alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish masalasi kundan kunga sezilarli ijobiy natijalarni ko‘rsatayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Mamlakatimizda tobora ta’limning har bir bosqichida inklyuziv ta’lim shaklining bo‘y ko‘rsata boshlagani, inklyuziv maktablar sonining ortib borayotgani olib borilayotgan davlat siyosatining amaldagi isbotidir.
Inklyuziv taʼlimning rivojlanishida o‘qituvchilarning o‘rni juda muhim. Shu sababli bugungi kunda ushbu vazifani amalga oshirishda pedagoglarni maxsus metodikalar asosida tayyorlash, psixologik va amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu o‘rinda oliy ta’lim tizimida o‘quv rejalarda belgilangan fanlar tarkibida nafaqat maxsus pedagogika yo‘nalishlari, balki barcha yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan bo‘lajak pedagoglar uchun inklyuziv ta’lim o‘quv predmetining kiritilishi ushbu yo‘nalishdagi asosiy qadamlardan biri deyish mumkin. Jamiyatda “inklyuziv ta’lim” tushunchasining keng yoyilishi, ta’lim muassasalarida sifatli inklyuziv ta’limni yo‘lga qo‘yish va belgilangan maqsadga erishish, albatta, birinchi navbatda malakali mutaxassis va pedagoglar zimmasidadir, biroq ushbu tizimning to‘laqonli amalga oshishida nafaqat yaratilgan shart-sharoitlar va sifatli ta’lim, balki jamiyatning inklyuziv ta’limga bo‘lgan ijobiy munosabatlarini shakllantirish ham alohida ahamiyatga molik masala hisoblanadi. Jamiyatning har bir a’zosi “ta’limda teng huquqlilik” tushunchasini to‘liq tushunib yetishi, rivojlanish xususiyatlari va jismoniy imkoniyatlaridan qat’iy nazar har bir bola o‘z sog‘lom tengdoshlari safida ta’lim olishga, rivojlanishga va o‘z qobiliyatlarini namoyon qilishga haqli ekanliklarini qo‘llab-quvvatlashi zarur.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, inklyuziv ta’lim barcha bolalarning teng huquqli ravishda taʼlim olishiga xizmat qiladi va insonparvar jamiyatni shakllantirishda muhim omil hisoblanadi. Kelgusida inklyuziv taʼlimni yanada takomillashtirish, zamonaviy sharoitlar yaratish va malakali mutaxassislarni tayyorlash orqali ushbu sohada yanada katta natijalarga erishish mumkin. Yuqoridagi vazifalarni amalga oshirish esa har tomonlama yakdillikni talab etadi. Shuningdek, inklyuziv ta’lim shunchaki ta’lim siyosati emas, har bir alohida ta’lim ehtiyoji bo‘lgan bolaning imkoniyati ekanligini anglab yetmog‘imiz zarur. Zero, shu zaminda yashayotgan har bir bola bizning ertamiz, kelajagimizdir.
Isoqjonova Dilfuzaxon Muxtorjon qizi
Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti surdopedagogika va maxsus
pedagogikaning klinik asoslari kafedrasi o‘qituvchisi