Ta’limda xalqaro sheriklik va innovatsion yondashuvlar kengaymoqda
Mamlakatimizda ta’lim tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish, pedagoglarning malakasini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada nufuzli xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi va Beijing Capstone Education Consulting (BCEC) o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi. Mazkur hujjat ta’lim sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va ilg‘or tajribalarni joriy etish yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Memorandum doirasida qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olindi. Xususan, agentlik tizimidagi maktablarda STEM, ya’ni tabiiy fanlar, texnologiya, muhandislik va matematika yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda, deyiladi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi ma’lumotida.
Shuningdek, o‘qituvchi va mutaxassislar Xitoyda tashkil etiladigan maxsus malaka oshirish dasturlariga yuboriladi.
Memorandum doirasida maktab maslahatchilari uchun ham maxsus trening tashkil etilishi belgilangan. Ularda o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim imkoniyatlari hamda psixologik qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Qayd etilganidek, mazkur memorandum ta’lim sifatini oshirish va mutaxassislar raqobatbardoshligini kuchaytirishga xizmat qiladi.
M.HOJIAKBAROVA, O‘zA