Ta’limda sun’iy intellekt va raqamli kelajak
Jorjtaun universiteti bilan hamkorlikda pedagoglar uchun generativ sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro seminar boshlandi
Toshkent shahrida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi hamda AQSHning Jorjtaun universiteti hamkorligida “Ta’lim jarayonida generativ sun’iy intellektdan foydalanish va onlayn kurslarni ishlab chiqish” mavzusida uch kunlik xalqaro o‘quv-amaliy seminar o‘z ishini boshladi.

Tadbirda Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti vakillari hamda hududiy pedagogik markazlardan tanlab olingan 50 nafarga yaqin mutaxassis ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar Jorjtaun universiteti professori Yanna Vovides va assistent Albina Yildiz tomonidan olib borilmoqda, shuningdek, Google for Education mutaxassislari ham onlayn tarzda alohida amaliy sessiyalarga jalb etilgan.
Tadbirning ochilishida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi direktori Shahzodbek Kurbaniyazov so‘zga chiqib, sun’iy intellektning ta’limga jadal kirib kelayotgani sharoitida asosiy masala yangi texnologiyalarni shunchaki o‘rganish emas, balki ulardan ta’lim sifati va pedagog faoliyati samaradorligini oshirishda maqsadli foydalanish ekanini ta’kidladi. Mazkur seminar oldiga qo‘yilgan asosiy vazifa sun’iy intellekt o‘qituvchining darsini yanada samarali tashkil etishga qanday yordam berishi bo‘yicha amaliy yechimlar topishdan iboratdir.

Anjumanda so‘z olgan Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy instituti Akademik faoliyat bo‘yicha birinchi prorektori Dildora Hakimova raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt institutning malaka oshirish va kasbiy rivojlantirish dasturlaridan mustahkam o‘rin olganini qayd etdi. Endilikdagi muhim vazifa ushbu imkoniyatlarni pedagoglarning kundalik amaliyotiga samarali olib kirish hamda olingan bilimlarni hududlardagi hamkasblarga yetkazishdan iboratdir.

O‘z navbatida, Jorjtaun universiteti professori Yanna Vovides ushbu tadbir faqat bilim berish emas, balki tajriba almashish va bevosita ta’lim amaliyoti bilan shug‘ullanayotgan o‘zbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda muayyan muammolarga amaliy yechimlar ishlab chiqish jarayoni ekanini bildirdi.

Uch kunga mo‘ljallangan seminar dasturi doirasida ishtirokchilar generativ sun’iy intellekt vositalaridan darslarni rejalashtirish, topshiriq va baholash mezonlarini (rubrikalarni) ishlab chiqish, samarali promptlar tuzish hamda onlayn kurslarni loyihalash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallaydilar. Shuningdek, ta’limni loyihalash modellari, mikroo‘qitish modullari va sun’iy intellekt savodxonligi bo‘yicha onlayn kursning dastlabki tuzilmasini yaratish ko‘zda tutilgan.

Shuni aytish kerakki, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi va Jorjtaun universiteti o‘rtasidagi hamkorlikka 2025-yilning oktabr oyida asos solingan bo‘lib, ushbu loyiha Jorjtaun universitetining “Global Engagement Faculty Grants” dasturi grant mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Mazkur xalqaro tashabbus xorijiy tajribani milliy ta’lim tizimi ehtiyojlariga moslashtirish va zamonaviy o‘quv kontentlarini yaratishga xizmat qiladi.

O‘zA