Ta’limda endi son emas, sifat ustuvor (+video)
Chekka hududlar misolida ta’lim sohasidagi isloholarni o‘rganish maqsadida purviqor tog‘lar bilan o‘ralgan, viloyat markazidan 120 kilometr uzoqlikda joylashgan Qarshi davlat texnika universitetining Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Avvalo, birdan ko‘zga tashlanadigan jihat pedagogik jamoaning yosh fan doktorlari, fan nomzodlari, professorlar va poytaxtda zamonaviy tahsil olgan olimlar bilan to‘ldirilishi bo‘ldi. Salohiyatli, kreativ fikrlaydigan kadrlar uchun 35 mlrd so‘mga yangi bino, o‘quv va laboratoriya jihozlari, ilmiy adabiyotlar taqdim etilgan. O‘zini oqlamagan 7ta yo‘nalish yopilib, ular o‘rnida zamon talablariga mos yana 6ta yo‘nalish qayta ochilibdi.
Masalan, Shahrisabz tog‘larida noyob, hali chuqur o‘rganilmagan giyohlar ko‘p. Dorivor o‘simliklar ustida ilmiy izlanishlar olib borish yo‘nalishi bu yerda ayni muddao. Yoki turizm, axborot xavfsizligi, muhandislik yo‘nalishlariga hududda doimo talab bor. Shu bois ming nafar talaba o‘rniga 88 nafar talaba istiqbolli yo‘nalishlarga tanlab olindi. Kuchli raqobat muhitida endi son emas, sifatga, yoshlar bandligini ta’minlashga ko‘proq e’tibor berilmoqda.
- Jamoamizda 30 nafar professor-o‘qituvchidan hozirgi kunda 14 nafari ilmiy darajali, unvonlarga ega, - deydi Qarshi davlat texnika universiteti Sanoat muhandisligi va menejment kafedrasi mudiri Sirojiddin Kengboyev. – Jamoamiz juda ilmga chanqoq, mehnatsevar, o‘quv jarayonlarini juda sifatli o‘tishadi. Binoda barcha sharoitlar bor. Kafedramizda birgina 2025-yilda 5 nafar o‘qituvchimiz professor ilmiy unvoniga erishdi. Umuman bizni kafedrada asosan kimyo, muhandislik yo‘nalishlarida ilmiy-tadqiqotlar olib boriladi.
Yana bir e’tiborimizni tortgan jihat yirik korxonalar bilan kadrlar tayyorlash bo‘yicha shartnomalar mavjudligi. Masalan, “Dehqonobod kaliy zavodi”, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi” kabi o‘nlab ishlab turgan quvvatlarga mutaxassis yetkazib berish ham keng yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari Belarussiya, Turkiya, Xitoy davlatlari o‘quv muassasalari bilan ilmiy hamkorliklar ham mavjud ekan.
Davlatimiz rahbari tomonidan 2025-yil “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazgan muloqoti davomida “2026-yil - yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili” bo‘lishi aytildi. Shu bois ustozlar jamoasi yangi kasblarni amaliyotga tadbiq etish, mavjudlarini zamonaviy asosda qayta yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib bormoqdalar. Maqsad barcha bitiruvchilarning bandligining ta’minlash, hudud rivojiga munosib hissa qo‘shishdir.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/x53kqmeuKfw" title="Ta’limda endi son emas, sifat ustuvor" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Nishonboy Abduvoyitov (video), O‘zA