Ta’lim va tarbiya – kelajak asosi
Prezident ko‘rsatmalari amalda
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 28 avgust kuni maktablarda ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish va o‘qituvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, Andijon viloyati hokimligi, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan o‘quv-seminarida viloyatdagi umumta’lim maktablari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etdi.
O‘quv seminarida maktablarda ta’lim sifatini, xususan, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlari samaradorligini oshirish masalalari atroflicha muhokama etildi.
[gallery-13516]
O‘quv seminarida Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatovning “Ta’lim-tarbiya – davlat va jamiyatning kelajagi”, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Gulhayo Omonovaning “Maktablarda ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quvchi o‘rnini ko‘paytirish hamda o‘qituvchilar malakasini oshirish va ularga munosib ish sharoitlari yaratish borasidagi ustuvor vazifalar”, Ma’naviyat va ma’rifat markazi Andijon shahar bo‘limi rahbari Ravshanoy Jo‘rabekovaning “Ma’rifiy targ‘ibot ishlari ta’sirchanligini oshirish – muhim masala” mavzusidagi ma’ruzalari tinglandi.
Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar hamda mavzu doirasidagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, bu boradagi ilg‘or tajriba va ish uslublarini ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mutaxassislar esa mazkur yo‘nalishdagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi.
Seminarda o‘qilgan ma’ruzalar, bildirilgan taklif va tavsiyalar asosida umumta’lim maktablarida yangi o‘quv yilida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA