«Ta’lim va kasb – 2023» xalqaro ko‘rgazmasi
Shu kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida «Ta’lim va kasb – 2023» xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Joylarda tashkil etilayotgan tadbirlarda zamonaviy metodika bo‘yicha ta’lim berish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish masalalari muhokama qilinmoqda.

Ko‘rgazmada abituriyentlar o‘zlari uchun dunyoning 50 dan ortiq yetakchi universitetlarida o‘qish, ish qidirayotganlar esa xalqaro nufuzli kompaniyalarda ishlash imkoniyatlari bilan tanishib, xorijda yoki mamlakatimizdagi xalqaro tashkilotlarda ishlash bo‘yicha takliflarni olmoqda.

Shuningdek, mazkur ko‘rgazma ish beruvchilar va universitet vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish, jumladan, Rossiya, Slovakiya, Turkiya, Belarus, Qozog‘iston va boshqa davlatlarning xalqaro ta’lim muassasalari hamda O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari va ish beruvchilar uchun o‘zaro fikr almashish imkoniyatini yaratdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA