Ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unlashmoqda
Shirin shahrida dual ta’lim tizimini rivojlantirish, kasb-hunar ta’limi sifatini oshirish hamda mehnat bozori ehtiyojlariga mos malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ta’lim muassasalari, davlat tashkilotlari va ishlab chiqarish korxonalari vakillari ishtirok etib, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Shirin shahar hokimi Dilfuza Qambarova, Sirdaryo viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shohista Namozova, kasb-hunar ta’limi muassasalari rahbarlari, korxona va tashkilotlar mas’ullari ishtirok etishdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi 163-sonli «Professional ta’lim tizimida dual ta’limni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida dual ta’lim tizimini hududda samarali tashkil etish, ta’lim muassasalari va ish beruvchilar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, o‘quv jarayonini ishlab chiqarish amaliyoti bilan uyg‘unlashtirish hamda yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Ta’kidlanganidek, dual ta’lim tizimi o‘quvchilarning nazariy bilimlarini bevosita ishlab chiqarish jarayonida mustahkamlash, zamonaviy texnologiyalar bilan ishlash ko‘nikmalarini shakllantirish hamda ularni kelgusida mehnat bozorida raqobatbardosh kadr sifatida tayyorlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Bunday hamkorlik ish beruvchilarga o‘z ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda kadrlar tayyorlash imkonini bersa, yoshlar uchun doimiy ish o‘rinlariga ega bo‘lish imkoniyatlarini kengaytiradi.


— Dual ta’lim — ta’lim muassasasi bilan ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlikning eng samarali shakllaridan biri. Bu tizim o‘quvchilarga nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlash, korxonalarga esa o‘z ehtiyojlariga mos malakali kadrlar tayyorlash imkonini yaratadi. Natijada bitiruvchilarning mehnat bozorida raqobatbardoshligi oshadi, ish bilan ta’minlanish darajasi yuksaladi. Shu bois viloyatimizda dual ta’lim qamrovini kengaytirish va ish beruvchilar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi, — deydi Sirdaryo viloyati Kasbiy ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Shohista Namozova.
Yig‘ilishda ta’lim dasturlarini ishlab chiqarish ehtiyojlariga moslashtirish, o‘quvchilar uchun korxonalarda zarur shart-sharoitlar yaratish, amaliy mashg‘ulotlar sifatini oshirish hamda ish beruvchilarning ta’lim jarayonidagi ishtirokini kengaytirish yuzasidan takliflar bildirildi.

Uchrashuv yakunida 10 dan ortiq korxona va tashkilot bilan hamkorlikda 120 nafar xodimni dual ta’lim tizimi asosida o‘qitish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri