Ta’lim tizimini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi
Buxoro инноvaциялар universitetining Guliston kampusida “Innovatsion yondashuvlar va pedagogik nazariya amaliyoti: ta’lim sifatini oshirish istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman ta’lim tizimini takomillashtirish, pedagogik faoliyatga innovatsion yondashuvlarni joriy etish hamda ta’lim sifatini oshirishning zamonaviy yo‘nalishlarini muhokama qilishga qaratildi.
Mazkur nufuzli anjuman mahalliy va xorijiy olimlar, tadqiqotchilar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari hamda sohaning tajribali mutaxassislarini bir maydonda jamladi. Konferensiyada yuzdan ortiq ishtirokchi qatnashib, zamonaviy ta’lim tizimi oldida turgan dolzarb masalalar, innovatsion pedagogik texnologiyalarning samaradorligi, raqamli ta’lim muhitini shakllantirish, sun’iy intellekt va axborot texnologiyalarining ta’lim jarayonidagi o‘rni, shuningdek, o‘qitish sifati va samaradorligini oshirishning zamonaviy mexanizmlari yuzasidan fikr almashdilar.
Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ta’lim sohasida raqobatbardosh kadrlar tayyorlash nafaqat zamonaviy bilimlarni berish, balki talabalarda mustaqil fikrlash, tahlil qilish va innovatsion g‘oyalarni ilgari surish ko‘nikmalarini shakllantirishni ham taqozo etmoqda. Shu nuqtai nazardan, konferensiya ishtirokchilari ta’lim mazmunini yangilash, pedagoglarning kasbiy salohiyatini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini ta’lim jarayoni bilan uzviy bog‘lash bo‘yicha qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdilar.
Anjuman doirasida o‘tkazilgan yalpi va shu’ba yig‘ilishlarida ta’lim sohasidagi zamonaviy tendensiyalar, xalqaro tajribalar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi. Mutaxassislar tomonidan ta’lim muassasalarida raqamli platformalardan foydalanishni kengaytirish, interaktiv o‘qitish usullarini joriy etish, talabalarning ilmiy faolligini qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish bo‘yicha muhim amaliy takliflar bildirildi.
Konferensiya nafaqat ilmiy g‘oyalar almashinuvi, balki yangi hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, qo‘shma tadqiqotlar va istiqbolli loyihalar uchun mustahkam zamin yaratishi bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Muhokamalar davomida ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan ilmiy ishlanmalarni amaliyotga keng tatbiq etish, ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va ularni milliy ta’lim tizimiga moslashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Anjuman yakunida bildirilgan taklif va mulohazalar umumlashtirilib, kelgusidagi ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada faol ishtirok etgan, o‘zining dolzarb ma’ruzalari va ilmiy tashabbuslari bilan ajralib turgan bir guruh olim va tadqiqotchilar Buxoro innovatsiyalar universiteti rektori Dilnoz Ro‘ziyeva tomonidan munosib taqdirlanib, ularga universitetning “Tashakkurnoma”lari tantanali ravishda topshirildi.
Mazkur xalqaro konferensiya ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish, ilmiy hamkorlikni mustahkamlash va innovatsion g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish borasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirgan muhim muloqot maydoni sifatida ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri