Ta’lim tizimini raqamlashtirishning yangi bosqichi
Hozirda zamonaviy texnologiyalar, xususan, sun’iy intellekt va raqamli platformalar o‘quv jarayonining ajralmas qismiga aylanib, an’anaviy yondashuvlarni yangicha mazmun bilan boyitmoqda. Shu nuqtai nazardan, “Inson va raqamli agentlar hamkorligi: ta’lim tizimi oldidagi chaqiriqlar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ta’lim sohasidagi dolzarb masalalarni chuqur tahlil qilishga xizmat qildi.
Mazkur konferensiyada ta’lim jarayonlarini raqamlashtirish hamda innovatsion pedagogik texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish masalalari muhokama qilindi. Konferensiyada so‘zga chiqqan mutaxassislar raqamlashtirish jarayonlari har bir sohada, ayniqsa ta’lim tizimida sezilarli o‘zgarishlarni yuzaga keltirayotganini ta’kidladi.

Sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishi o‘quv jarayonini individuallashtirish, bilimlarni samarali yetkazish va baholash tizimini takomillashtirish imkonini bermoqda. Shu bilan birga, inson va raqamli agentlar o‘rtasidagi samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zamonaviy ta’limning muhim vazifalaridan biri sifatida e’tirof etildi.

Konferensiya nafaqat ilmiy muhokamalar bilan, balki amaliy natijalar bilan ham ahamiyatli bo‘ldi. Xususan, “Science and innovation” kompaniyasi, “Mirzo Ulug‘bek vorislari” tayyorlov o‘quv kurslari markazi hamda O‘zbek-Fransuz universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi. Ushbu kelishuvlar ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasida o‘zaro tajriba almashish, yangi loyihalarni amalga oshirish va kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga xizmat qiladi.

Mazkur xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ta’lim tizimini raqamlashtirish, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan samarali foydalanish hamda inson va raqamli agentlar o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Unda ilgari surilgan g‘oyalar va takliflar nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, ta’lim tizimini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA