Ta’lim – taraqqiyot mezoni (+video)
Sirdaryo viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov viloyat ta’lim tizimi vakillari bilan tahliliy va tanqidiy ruhdagi uchrashuv o‘tkazdi.
Unda ta’lim sifatini oshirish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash, pedagog kadrlar malakasi, infratuzilma holati va ta’lim-tarbiya jarayonini samarali tashkil etishga doir masalalar atroflicha muhokama etildi.
Uchrashuv avvalida oliy ta’lim muassasalaridagi mavjud infratuzilma holati tahlil qilindi. Xususan, talabalar uchun mo‘ljallangan yotoqxonalarda sanitariya sharoitlari talab darajasida emasligi, laboratoriya uskunalarining yetishmasligi ta’lim jarayoni samaradorligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan yangi o‘quv yiliga qadar yotoqxonalarni to‘liq ta’mirlash, ma’naviyat-ma’rifat xonalarini tashkil etish va talabalar uchun munosib muhit yaratish vazifalari belgilandi.
–Viloyat rahbari tomonidan tanqid ostiga olingan tizimdagi kamchilik, nuqsonlar barcha professor-o‘qituvchilar zimmasiga qo‘shimcha mas’uliyat yuklaydi, – deydi Guliston davlat universiteti o‘qituvchisi Akmaljon Taniberdiyev.– Chunki ta’lim sifati nafaqat moddiy-texnik bazaga, balki aynan kadrlar salohiyatiga ham bog‘liq. Laboratoriyalar yetishmasligi bahona bo‘lishi mumkin emas, biz o‘qituvchilar har qanday sharoitda ham talabani kerakli bilim bilan ta’minlashga intilishimiz shart. Ammo davlatimiz tomonidan e’tibor kuchaygani, moddiy shart-sharoitlar yaxshilanishi bizni quvontiradi, shu bilan birga ishga bo‘lgan e’tibor va mas’uliyatimizni yanada oshiradi.
Yig‘ilishda qator ta’lim muassasalarida o‘tkazilgan test sinovlari natijalari ham muhokama qilindi. Pedagoglar tomonidan ko‘rsatilgan past natijalar ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani aytildi. Malaka oshirish jarayonida uzviylik yetishmasligi, natijalarni tahlil qilmasdan amalga oshirilayotgan o‘quv kurslari ham tanqidga sabab bo‘ldi.
Shu bois, testda past natija qayd etgan o‘qituvchilar hamda tarbiyalagan o‘quvchilari OTM ga kirishda muvaffaqiyatsizlikka uchragan maktablarning pedagoglari uchun navbatdan tashqari malaka oshirish kurslarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
[gallery-22955]
Yig‘ilishda ta’lim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik, o‘quvchilar davomati, pedagog kadrlar bilan ta’minlanish holati va metodik yordam masalalari ham tahlil qilindi. Hisobotlarning ko‘pincha faqat qog‘ozda qayd etilishi, amalda esa yetarli natija ko‘rinmayotgani tanqid qilindi. Ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorlik va tajriba almashuvining yetishmasligi ta’lim sifatini pasaytiruvchi omil sifatida ko‘rsatib o‘tildi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tqb2-hBuCpI" title="Taʼlim – taraqqiyot mezoni" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yig‘ilish yakunida ta’lim sifati past deb baholangan ta’lim muassasalarida ishlash uchun istiqbol rejalari ishlab chiqilishi, qator rahbarlarning faoliyatini qayta ko‘rish hamda yangi o‘quv yili boshida natijalar yana bir bor tahlil qilinishi belgilandi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat, video),
O‘zA muxbirlari