Ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 18,8 trillion so‘mga yetgan – Milliy statistika qo‘mitasi
Mamlakatimizda ta’limga bo‘lgan talab yildan-yilga ortib bormoqda. Buni nafaqat oliygohlarga hujjat topshiruvchilar soni, balki ta’lim xizmatlari bozori hajmining o‘sishi ham yaqqol tasdiqlaydi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida mamlakatda ta’lim sohasida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 18,8 trillion so‘mga yetgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 21 foizga ko‘p.
Bu raqamlar oddiy statistika emas. Ular mamlakatda inson kapitaliga yo‘naltirilayotgan investitsiyalar oshib borayotganini, aholi ta’limni xarajat emas, balki kelajakka kiritilayotgan sarmoya sifatida qabul qilayotganini anglatadi.
Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan davlatlar birinchi navbatda ta’limga katta e’tibor qaratadi. Chunki malakali kadrlar innovatsiya, yuqori unumdorlik va iqtisodiy o‘sishning asosiy drayveri hisoblanadi.
O‘zbekistonda ham keyingi yillarda ta’lim sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida davlat va xususiy oliygohlar soni ko‘paydi, xorijiy universitetlar filiallari ochildi, xususiy maktab va o‘quv markazlari faoliyati kengaydi. Bu esa ta’lim xizmatlari bozorini sezilarli darajada rivojlantirdi.
Statistikaga ko‘ra, ta’lim xizmatlarining 44,7 foizi oliy ta’lim hissasiga to‘g‘ri keladi. Buning bir nechta sababi bor.
Avvalo, keyingi yillarda oliy ta’lim qamrovi keskin oshdi. Yangi universitetlar tashkil etildi, qabul kvotalari kengaytirildi. Natijada talabalar soni ham yil sayin ko‘paymoqda.
Shuningdek, xususiy va xorijiy universitetlarda kontrakt to‘lovlari davlat oliygohlariga nisbatan yuqoriroq. Bu esa umumiy xizmatlar hajmining o‘sishiga ta’sir qilmoqda.
Bundan tashqari, mehnat bozorida raqobat kuchaygani sababli yoshlar bakalavr darajasi bilan cheklanib qolmay, magistratura, ikkinchi mutaxassislik va malaka oshirish kurslariga ham ko‘proq murojaat qilmoqda.
Hududlar kesimida Toshkent shahri 9,7 trillion so‘m bilan birinchi o‘rinni egallagan. Bu mamlakat bo‘yicha umumiy ta’lim xizmatlarining yarmidan ortig‘ini tashkil etadi.
So‘nggi yillarda xususiy ta’lim muassasalari sonining oshib borishi raqobat muhitini shakllantirdi. Zamonaviy dasturlar, xorijiy tillar, IT, biznes, dizayn kabi yo‘nalishlarga bo‘lgan talab xususiy sektor o‘sishining asosiy omillaridan biri bo‘lmoqda.
Bu esa ta’lim sifatini oshirish bilan birga, xizmatlar hajmining o‘sishiga ham xizmat qilmoqda.
2026-yilning dastlabki besh oyida ta’lim xizmatlari hajmining 21 foizga o‘sishi O‘zbekistonda bilimga bo‘lgan talab yuqoriligini yana bir bor tasdiqladi. Bu o‘sish mamlakatda inson kapitaliga investitsiyalar kuchayib borayotgani, ta’lim xizmatlari bozori kengayayotgani va aholi kelajak uchun bilimga sarmoya kiritishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA