Ta’lim sifatini yuksaltirish eng muhim masala
Buxoroda “Milliy tiklanish” demokrtik partiyasi fraksiya a’zolari hamda mahalliy kengash deputatlari tomonidan tumanlar kesimida olib borilgan umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatining tahlili yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda partiya viloyat, tuman va shahar kengashi xodimlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlardagi partiya deputatlik guruhi a’zolari, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi va tuman, shahar bo‘limi mutasaddilari, partiya faollari, keng jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari qatnashdi.

Yig‘ilishda Buxoro viloyati xalq ta’limi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, ta’lim muassasalari moddiy texnik bazasini mustahkamlash, pedagog xodimlarning sifat tarkibini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligi yuzasidan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Dilfuza Mustafoyevaning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanishicha, viloyatda 538 ta umumta’lim maktablari mavjud bo‘lib, joriy yilda 42 ta umumta’lim maktablari ta’mirlanadi. 5 ta umumta’lim maktablari yangi quriladi. 22 ta umumta’lim maktablari rekonstruksiya qilinadi. 15 ta umumta’lim maktablari mukammal ta’mirlanadi. Buning uchun 174, 8 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, 15 ta umumta’lim maktablari toza ichimlik suvi bilan ta’minlanishi, 108 ta maktablar zamonaviy kompyuter texnikasi bilan ta’minlanishi va 14 ta chet tili xonalari jihozlanishi ko‘zda tutilgan.

Partiyadan saylangan tuman va shahar kengashi deputatlari bilan birgalikda o‘rganishlar davomida maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida aniqlangan muammolar yuzasidan quyi palata deputati Umida Rahmonova so‘zga chiqdi. Xalq noibi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari e’tiborimizni yuz foiz qaratadigan maskanimiz bo‘lishi, u yerda ta’lim-tarbiya, bolalarning ovqatlanishi asosiy o‘rinda turishi, afsuski, hozirda juda ko‘p maktablarda bolalarni issiq ovqat bilan ta’minlashda oshxona, hojatxona shuningdek, maktab internatlarida o‘quvchilar uchun yotoqxona muammolari ko‘zga tashlanayotganligini ta’kidladi.

Muhokamalar davomida so‘z olgan partiya faollari va deputatlar ta’lim-tarbiya maskanlarida uchrayotgan masalalarga yechim izlash, muammolarni bartaraf etish yuzasidan o‘z fikr-mulohazalari va takliflarini bildirdi.
Yig‘ilishda Oliy Majlis Senati a’zosi Abira Huseynova hamda partiya viloyat kengashi raisi, viloyat kengashi deputatlik guruhi rahbari Maxsud Muxammedov ishtirok etdi.
Zarif Komilov, O‘zA