Ta’lim masalalari muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi parlamentda shakllantirilgan ishchi guruh bilan birga davra suhbati o‘tkazdi.
Davra suhbati Prezidentimizning 2020 yil 6 noyabrdagi “O‘zbekistonning yangi taraqqiyot davrida ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni, shuningdek, “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish masalalari muhokama etildi.
Mazkur hujjatlarda nazarda tutilgan yangi me’yorlarni amaliyotga samarali joriy etish mexanizmlari Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi mas’ullari, Xalq ta’limi vazirligi mutaxassislari, Toshkent shahri, Namangan, Qashqadaryo viloyatlari xalq ta’limi boshqarmasi boshliqlari o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari, tuman xalq ta’limi bo‘limi boshliqlari hamda ilg‘or, tajribali maktab direktorlari ishtirokida onlayn tarzda atroflicha tahlildan o‘tkazildi.
Qayd etilganidek, butun dunyoda, barcha sohada raqobat kuchayib borayotgan vaziyatda mamlakatda ta’lim-tarbiya va ilm-fan sohalarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini to‘g‘ri belgilash nihoyatda muhim ahamiyatga ega. Shu jihatdan olib qaraganda, Prezident farmonida belgilangan vazifalar hayotga to‘g‘ri va tizimli joriy etilsa, ular ta’lim-tarbiya butunlay yangi darajaga ko‘tarilishiga xizmat qiladi.
So‘zga chiqqanlar qariyb bir oydan ortiq vaqt davomida farmon loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga havola etilgani, takliflar berilganini qayd etishdi. Hujjatda olimlar, yosh izlanuvchilar, xalq vakillari, tajribali pedagoglarning fikr va takliflari o‘z aksini topgani e’tiborga molik.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ishchi guruhi hamda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi tashkilotlarning ilg‘or mutaxassislari farmonda belgilangan vazifalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha tahliliy mulohaza va takliflarini bildirishdi. Avvalo, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida me’yoriy-huquqiy hujjatlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, xalq ta’limi tizimida yangi mexanizmlarni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Farmonga muvofiq, 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab umumiy o‘rta, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasiga majburiy 11 yillik ta’limning so‘nggi 6 yillik baholari o‘rtacha ko‘rsatkichi kiritiladi va ushbu ko‘rsatkich oliy ta’lim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinadi. Buning uchun “Elektron kundalik” dasturini joriy qilish belgilangan.
Deputatlarning ta’kidlashicha, ushbu vazifani amalga oshirish uchun barcha maktablarda internet bilan ta’minlanish darajasi yuqori bo‘lishi kerak. Aks holda olis qishloqdagi maktab o‘qituvchilari tuman markazlariga kelib kundalikka bahoni kiritish uchun sarson bo‘lish holatlari ham kuzatilishi mumkin. Bu bilan maktabning informatika o‘qituvchisi uchun qo‘shimcha ish yuklamasi ham paydo bo‘ladi. Shu kabi omillar, albatta, inobatga olinishi kerak.
Farmonda pedagoglarning jamiyatdagi mavqeini oshirish, har tomonlama ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni tashkil etish, maktab direktorlarini tayinlash, ularning faoliyatiga baho berish bo‘yicha mahalliy Kengashlarga dastur va hisobotlarni taqdim etish mezonlari va mexanizmlari haqida ham fikr almashildi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab maktab direktorlarini lavozimga tayinlash bevosita mahalliy Kengashlar bilan kelishilgan holda, tanlov asosida amalga oshiriladi. Har bir nomzod maktabning ko‘rsatkichlarini kelgusi 3 yilda yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturi bilan tanlovda ishtirok etadi va har yili Kengashlar oldida hisobot beradi. Bu bilan ta’lim-tarbiya olish, ilm-fanga intilish bo‘yicha jamiyatda yangi muhit yuzaga kelishi ko‘zda tutilyapti. Maktablarning faoliyatini jamoatchilikning doimiy e’tibori asosida tashkil etish, direktorlar ishiga noqonuniy aralashuvlar va kadrlar qo‘nimsizligiga barham berish maqsad qilinmoqda.
Lekin direktor 3 yilda maktabni yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha o‘z dasturini taqdim etayotganida uning dasturi aynan qaysi mezonlar asosida baholanishi, tuman Kengashi deputatlari ta’limni boshqarish va direktorning hisobotini baholash mezonlarini qay darajada bilishiga aniqlik kiritish kerakligi alohida ta’kidlandi.
Deputatlar va Xalq ta’lim vazirligi mutaxassislari farmonda belgilangan vazifalar ijrosini tashkil etishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammoli holatlarning oldini olish, qulay va tushunarli tizim yaratish imkoniyatlarini tahlil qilishdi. Milliy Reyting Indeksini qayta ko‘rib chiqishda inobatga olinishi zarur bo‘lgan masala va mezonlar bo‘yicha takliflar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA