Ta’lim, fan va ishlab chiqarish integratsiyasi
“TIQXMMI” MTUning Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish kafedrasining professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy izlanuvchilari tomonidan “Dual ta’lim” dasturini amalga oshirish borasidagi ishlar yuzasidan G‘uzor tumanidagi “Sho‘rtanneftgaz” korxonasining ishlab chiqarish jarayoni hamda sexlaridagi nazorat o‘lchov asboblari, himoya va boshqaruv tizimi qurilmalarining texnik holati o‘rganildi.
– Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirishda kadrlar tayyorlash masalasi dolzarbligini inobatga olib, ishlab chiqarish, sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarida mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni bartaraf etish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish kafedrasi mudiri Dilshod Ochilov. – Jumladan, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib nazariy bilimlarni egallash bilan birga korxona va tashkilotlarda ish faoliyatini olib borish imkoniyatini beruvchi “Dual ta’lim” dasturini amalga oshirish ustida “TIQXMMI” MTUning Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar instituti Texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va boshqarish kafedrasining professor-o‘qituvchilari hamda ilmiy izlanuvchilari G‘uzor tumanidagi “Sho‘rtanneftgaz” korxonasida bo‘lib, sanoat korxonasidagi ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Izlanuvchilarning kelgusida ushbu korxonada amaliyot o‘tashi bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.







Shu bilan birgalikda, soha vakillari ish jarayonida tez-tez uchrayotgan muammolarni hal etish yuzasidan neft-gaz sohasi vakillari bilan o‘zaro fikr almashdilar va sohada kelib chiqayotgan muammolar ko‘lamini qisqartirish ustida nazariy bilimlar almashildi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri