Talibarzui poyonda rais saylandi
Joriy yilning may-iyul oylarida yurtimizda mahalla fuqoralar yig‘inlari saylovi o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi saylovlar mahallaning jamiyatdagi o‘rni va nufuzi oshgan, tizimga oid qonunchilik takomillashgan paytda o‘tayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Endilikda mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari besh yil muddatga saylanadi va ular “mahalla yettiligi”ga bosh bo‘lib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash uchun harakat qiladi.
Samarqand viloyatidagi mahallalarda ham 1 may kunidan saylov jarayonlari boshlandi. Viloyatning barcha tuman va shaharidagi bittadan mahallada saylov jarayonlari namunali tashkil etildi. Unda shu mahalla vakillari bilan birga hududdagi boshqa mahallalar ishchi guruhlari rahbarlari ham qatnashdi.
[gallery-23125]
Jumladan, Samarqand tumanidagi eng yirik mahallalardan biri, 6100 nafardan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Talibarzui poyonda o‘tkazilgan saylovda saylovchilarning 356 nafar vakili ishtirok etdi.
Mahalla raisligiga ko‘rsatilgan uch nafar nomzod o‘z dasturi, maqsad va rejalarini bayon qildi.
Shundan so‘ng vakillar nomzod uchun yashirin ovoz berishda qatnashdi va saylovchilarning eng ko‘p ovozini olgan amaldagi rais San’at Bahronov Talibarzui poyon mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi.
Saylov jarayonlarini tuman ko‘maklashuvchi komissiyasi va 73 mahalladagi ishchi guruhlar rahbarlari ham kuzatib bordi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari