Talabalarning hisobot konsertidan fotoreportaj
O‘zbekiston davlat konservatoriyasi katta zalida orkestr dirijyorligi kafedrasi talabalarining hisobot konserti bo‘lib o‘tdi.
Yosh talaba-dirijyorlar Mushtariy Mahmudjonova (professor M.Akmaljonova sinfi) hamda Zamira Qayumova (professor F. Abdurahimova sinfi) ustozlariga, talabalarga o‘z mahoratini namoyon etdilar. O‘zbek bastakorlari tomonidan yaratilgan 10 ga yaqin asarlar musiqali teatr studiyasining xalq cholg‘ulari orkestri tomonidan ijro etilib, tinglovchilar hukmiga havola etildi.
Xalqaro va respublika tanlovlari g‘oliblari Xadicha Imomnazarova, Yelmira Mamedova, Fotima Ahmadova, Vahob Qurbonov, Islombek Abdulazizov, Feruzbek Sharipov kabi yakkaxon ijrochilarning orkestr hamrohligida chiqishlari tinglovchilar qalbini rom etdi.
[gallery-12095]
Hisobot konserti doirasida Umidjon Habibullayevning Usmon Nosir xotirasiga bag‘ishlab yozilgan “Yurak” musiqali asarining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. U. Habibullayev yosh o‘zbek kompozitori. Xalqaro kinofestivallar sovrindori. Teatr va kino sohasida ko‘plab saundtreklarga mualliflik qilgan. 100 ga yaqin aralash cholg‘ular uchun pesalar, konsertlar, sonatalar yarata olgan yosh ijodkor. Turli orkestr va ansambllar uchun musiqiy sayqallar, aranjirovkalar ham yaratayotgan Umidjonning ijodkor ahli orasida o‘z o‘rni bor.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA