Talabalar uchun yotoqxonalar quriladi
Talabaning darslarni puxta o‘zlashtirishi ko‘p jihatdan yashash sharoitining yaxshi bo‘lishiga bog‘liq. Ayniqsa, uzoq masofadan kelib ilm olayotgan talabalar uchun.
Qarshi davlat universiteti tasarrufidagi 7 ta talabalar turar joyida 1 ming 186 nafar yoshlar istiqomat qiladi. Tahlillarga ko‘ra universitetda 4 ming 500 nafar talabaning turar joyga ehtiyoji bor.
Shu bois universitet rektori Dilmurod Nabiyevning bevosita tashabbusi bilan yangi o‘quv yilidan boshlab mavjud talabalar turar joylarini ikki qavatli krovatlar bilan ta’minlanishi natijasida 2021 yilning sentyabr oyida 1 ming 671 nafar talaba turar joyga ega bo‘ladi va qamrov ko‘rsatkichi 26 foizdan 37 foizga ortadi.

Shuningdek, joriy yilning sentyabr oyida 2 ta yotoqxona ta’mirlanib foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida yana qo‘shimcha 800 o‘rin yaratiladi va qamrov ko‘rsatkichi 2 ming 471 nafarga ya’ni 55 foizga yetadi.
Bundan tashqari, talabalarni turar joy bilan ta’minlash maqsadida 2022 yildan boshlab 600 o‘rinli yangi yotoqxonaning qurilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu ob’ektlar foydalanishga topshirilgach ta’lim muassasasidagi yoshlarning 68 foizi turar joyga ega bo‘ladi. Ularga qulaylik yaratish maqsadida yangi o‘quv yilida talabalar turar joylari hududida alohida kir yuvish joyi qurilib foydalanishga topshiriladi. Yaratilayotgan sharoitlar zamirida ertamiz egalarini ma’nan va jismonan yetuk insonlar etib tarbiyalash maqsadi mujassam.
Ta’kidlash lozimki, yangi o‘quv yilida 1 ming 500 o‘rinli tabiiy fanlar va pedagogika fakultetlari, 1 ming 200 o‘rinli fizika-matematika fakulteti binolari kapital ta’mirlanadi. Shuningdek, 1000 o‘ringa mo‘ljallangan xorijiy tillar fakulteti uchun yangi o‘quv binosi qad rostlaydi.

Yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishlariga munosib sharoit yaratish maqsadida voleybol, basketbol va 3 ta yumshoq qoplamali mini futbol maydonlari qaytadan ta’mirlanadi. Yurtimiz kelajagi uchun xizmat qiladigan iqtidorli, qobiliyatli, ilm-fanga mehr qo‘ygan yoshlarga munosib sharoit yaratish Qarshi Davlat universiteti uchun ustuvor vazifa etib belgilangan.
O‘lmas Barotov, O‘zA