Talabalar uchun mehnat yarmarkasi
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda bo‘sh ish o‘rinlari mehnat yarmarkasi tashkil etildi.
Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari raisligida joriy yil 4 mart kuni oliy o‘quv yurtlari talabalari bandligini ta’minlash bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlanib bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida talaba-yoshlarning bandligini ta’minlash, ularning qo‘shimcha daromadga ega bo‘lishlari uchun sharoit yaratish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Ushbu ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati M.Ibragimov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi raisi M.Qaypanov, filial direktori A. Yesimbetov va boshqalar so‘zga chiqib, bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, talaba-yoshlarning daromad topishi uchun imkoniyat yaratib berish borasida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan vazifalarga to‘xtaldi.
[gallery-6313]
Mehnat yarmarkasida Nukus shahri va tumanlardan 20 ga yaqin ish beruvchi korxona va tashkilot vakillari o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlarini taqdim eti. Ishtirokchilar va filial talabalari ish beruvchilar bilan o‘zaro muloqot olib borib, bo‘sh ish o‘rinlari bilan yaqindan tanishdilar. Ahamiyatli jihati filialda tahsil olayotgan talabalar hamda ish beruvchilar o‘rtasida mehnat shartnomasi imzolanib, 15 nafarining bandligini ta’minlash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
–Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilari bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi filial talabasi Jaylao‘boy Boymuratov. – bugungi tadbirda Nukus tumani veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish bo‘limiga ishga joylashish uchun yo‘llanma oldim.
Tadbir doirasida talabalar bandligini ta’minlash bo‘yicha fikr almashildi.
Dovud ABIBULLAEV,
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA