Talabalar ekologik bilimlarini sinovdan o‘tkazdi
Andijon davlat universitetida oliy o‘quv yurtlari talaba qizlari jamoalari o‘rtasida “Ekologik bilimlarimizni boyitamiz!” shiori ostida “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 30 yanvardagi “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi farmoni hamda joriy yil 15 maydagi “2030 yilgacha bo‘lgan davrda aholining ekologik madaniyatini yuksaltirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Andijon viloyati kengashi tomonidan tashkil etilgan intellektual o‘yinda viloyatdagi oltita davlat oliy o‘quv yurti jamoasi ishtirok etib, o‘zlarining ekologik bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

– Ushbu bellashuvni o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad, talaba yoshlarning ekologik bilimlarini, faolligini oshirish ko‘zda tutilgan, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi raisi Xurshidbek Yusupov. – Qolaversa, ularning atrof-muhitga, ona tabiatga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirish orqali ekologik madaniyatini yuksaltirishdan iborat.

Ishtirokchi jamoalar ekologiya, tabiatni asrash, yashil iqtisodiyot va barqaror rivojlanish masalalariga oid savol-javoblar, global ekologik muammolar bo‘yicha fikr-mulohazalar, ekologik muammolarning yechimlari yuzasidan takliflar berish shartlari asosida hamda bahs-munozaralardagi faolliklari bo‘yicha o‘zlarining bilim va salohiyatlarini namoyish etdi.

Yakuniy natijalariga ko‘ra, birinchi o‘rinni Andijon davlat pedagogika instituti jamoasi qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin Andijon davlat chet tillar instituti, uchinchi o‘rin esa Andijon davlat universiteti jamoalariga nasib etdi.


Bellashuvning g‘olib va sovrindorlari O‘zbekiston Ekologik partiyasi viloyat kengashi tomonidan sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari