Talabalar diktant yozish tanlovida bahslashdi
FOTOREPORTAJ
Namangan to‘qimachilik sanoati institutida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligi hamda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘limi, Jismoniy tarbiya va ijtimoiy fanlar kafedrasi hamda institut Axborot-resurs markazi hamkorligida talaba-yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan ommaviy diktant yozish tanlovining yakuniy bosqichi o‘tkazildi.
[gallery-14147]
Institutdagi mavjud 3 ta fakultetdagi 43 ta akademik guruhda tashkil etilgan tanlovda saralangan 50 nafardan ortiq talaba yakuniy bosqichda savodxonlik darajasini sinovdan o‘tkazdi.
Tanlov avvalida institut rektori, professor Qurbonali Xoliqov so‘z olib, bu kabi loyihalar talaba-yoshlarda tilimizga bo‘lgan muhabbatni yanada oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
– Bugun “Tinchlik – ulug‘ ne’mat!” mavzuida diktant yozdik, - deydi institut 1-bosqich talabasi, tanlov g‘olibasi Ruxshona Adhamova. – Bu kabi tanlovlar biz talabalarni darsdan bo‘sh vaqtimizni mazmunli tashkil etish, o‘z ustimizda ishlashimizda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yakunda diktantni bexato yozgan va yuqori natijalarni qayd etgan yoshlarga institut rektorining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA