Talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxiatosh shahrida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgan Taxiatosh energetika kollejida “Taxiatosh IES” AJ bosh direktori Faxriddin Xalilayevning talaba-yoshlar bilan ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mazkur energetika kollejining o‘quv bazasini yanada rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish hamda yosh talabalarning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratish xususida so‘z bordi. O‘z navbatida, talabalar ham sohada amalga oshirilishi zarur bo‘lgan islohotlar, turli muammolar va ularning yechimlari hamda o‘zlarining qator takliflarini bildirdi.

Mazkur tadbir davomida “Taxiatosh IES” AJ rahbariyati va kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan 7-11 may kunlari Urganch shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh sportchi Allabergen Reimov hamda uning murabbiyi Baxtiyar Nurullayev bilan uchrashuv bo‘ldi va ularga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Taxiatosh og‘ir atletika maktabida faoliyat yuritayotgan ushbu sportchilar “Taxiatosh IES” AJ homiyligi ostida musobaqalarga tayyorlanib, ijobiy natijalarga erishib kelmoqda.

Shundan so‘ng “Taxiatosh IES” AJ bosh direktori F.Xalilayev boshchiligidagi mutasaddilar sportchilarning mashg‘ulotlar o‘tkazish bazasidagi imkoniyatlar bilan tanishdi, ularga zarur bo‘lgan imkoniyatlarni yaratib berish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Nurulla Abdullayev,
“Taxiatosh IES” AJ kasaba uyushma qo‘mitasi raisi