Tajriba zo‘r bo‘lsa daromad ham ko‘payadi
Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi “Shaymon bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Yo‘ldosh Shaymanov fermerlikda yangicha yondashuv hamda zamonaviy xo‘jalik yuritish modeli orqali yuksak natijalarga erishmoqda.
Mazkur xo‘jalik 108 gektar yer maydonining 63 gektariga boshoqli don ekinlari ekib, har gektardan o‘rtacha 105 sentner hosil oldi. Bu mintaqa uchun yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Ayni vaqtda g‘alladan bo‘shagan yerda takroriy ekin ekilmoqda. E’tiborlisi bu yer xo‘jalikning 24 nafar ishchisi va kam ta’minlangan oilalar o‘rtasida teng taqsimlandi. Ushbu maydonlarda mosh, tariq va boshqa oziq-ovqat ekinlari ekilib, aholi bandligi ta’minlandi hamda oziq-ovqat zaxirasi yaratildi.
– Biz faoliyatimizni Prezidentimizning 2024 yil 30 dekabrdagi qarori asosida tashkil etib, nafaqat asosiy ekin maydonlaridan, balki dala chetlaridan ham samarali foydalanishni yo‘lga qo‘ydik, – deydi “Shaymon bobo” fermer xo‘jaligi rahbari Yo‘ldosh Shaymanov. – Hozirda 2,4 gektar maydonga 4300 dan ortiq meva va manzarali ko‘chatlar ekildi. Xo‘jalik ishchilari uchun kundalik ovqat tayyorlashda foydalanish maqsadida pomidor, baqlajon, oshqovoq, kartoshka, loviya va mosh kabi ekinlar ham yetishtirilmoqda.
Yo‘ldosh Shaymanov barcha fermerlarga murojaat qilib, “Har bir qarich yerdan oqilona foydalanish – bu nafaqat iqtisod, balki yurtga xizmat hamdir. Dala chetlarini samarali ishlating, natijasini o‘zingiz ko‘rasiz” deya tavsiya bermoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu nafaqat iqtisodiy foyda beradi, balki yangi ish o‘rinlari yaratadi, qishloq aholisining turmush sifatini yaxshilaydi hamda mahalliy oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlaydi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, “Shaymon bobo” fermer xo‘jaligi tajribasi – O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishning amaliy namunasidir. Ushbu yondashuvni ommalashtirish orqali fermer xo‘jaliklarining imkoniyatlari yanada kengayadi.
Nilufar Bozorova, O‘zA