Tajriba almashish – muvaffaqiyat omili
G‘o‘za rivoji va hosil to‘plashda muhim palla bo‘lgan avgust oyida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish mo‘l hosil garovidir.
G‘o‘za rivoji va hosil to‘plashda muhim palla bo‘lgan avgust oyida belgilangan agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli o‘tkazish mo‘l hosil garovidir.
Ko‘p yillik tajribaga ega omilkor dehqonlarning fikricha, o‘zaro tajriba almashish, bir-biridan o‘rganish ham bu borada alohida ahamiyat kasb etadi.
Chimboy va Taxtako‘pir tumanlari qishloq xo‘jaligi mutaxassislari Ellikqal’a tumanida bo‘lib, bu yerlik paxtakorlar ishi bilan tanishdi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan seminarda tumanlar hokimlari, qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari, muqobil mashina-traktor parki, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlari, fermerlar kengashlari raislari, o‘simliklarni kimyoviy himoya qilish otryadi boshliqlari qatnashdi.
Bugungi kunda Ellikqal’a tumanida 11 ming 950 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanayotir.
– Erta bahordan agrotexnik tadbirlarni maromida o‘tkazganimiz bois g‘o‘za baravj o‘smoqda, – deydi tuman qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Bahrom Ismoilov. – G‘o‘za qator oralariga 230 kultivator yordamida ishlov berilib, me’yorida oziqlantirilmoqda.
Seminarda g‘o‘za parvarishi bilan bir qatorda paxta yig‘im-terimi va kelgusi yil hosili uchun g‘alla ekishga tayyorgarlik borasidagi vazifalar ham muhokama etildi.
– Ellikqal’alik paxtakorlardan ko‘p narsa o‘rganish mumkin, – deydi Chimboy tumanidagi “Qamsariq” ovul fuqarolar yig‘ini raisi Sarsenboy Yermanov. – Dala madaniyati, o‘simlik parvarishi bo‘yicha qilingan ishlarni ko‘rdik. Biz Ellikqal’a tumanidagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish idoralari faoliyati, obodonlashtirish ishlari bilan ham tanishdik.
– Bu yerdagi ilg‘or tajribalarni o‘zimizning fermerlar bilan maslahatlashib, faoliyatimizda qo‘llashga harakat qilamiz, – deydi Taxtako‘pir tumani fermerlar kengashi raisi Aymurat Xalmuratov. – Tumanimizdagi 126 fermer xo‘jaligidan 119 tasi paxtachilikka ixtisoslashgan.
O‘zaro tajriba almashish maqsadida Kegeyli va Qo‘ng‘irot tumanlarining qishloq xo‘jaligi mutaxassislari Beruniy tumanida, Qorao‘zak va Qanliko‘l tumanlari paxtakorlari esa To‘rtko‘l tumanida bo‘ldi.