Tailanddagi g‘ordan barcha bolalar olib chiqildi
Qutqaruv amaliyotining eng so‘nggi bosqichida 12-yoshli o‘smir va murabbiy Tailanddagi g‘orni tark etdilar.
Qutqaruv amaliyotining eng so‘nggi bosqichida 12-yoshli o‘smir va murabbiy Tailanddagi g‘orni tark etdilar, deb xabar bermoqda Spring News telekanali.
Ular g‘ordan chiqarib olingan zahotiyoq shifoxonaga jo‘natilgan. Jabrlanuvchilarning barchasi Chiangray shifoxonasida bir necha kun davomida sog‘liklarini tiklashadi.
Eslatib o‘tamiz, 11-16 yosh atrofidagi 12 nafar o‘quvchilar guruhi futbol murabbiyi bilan birga mamlakat shimolidagi g‘orga sayohat uyushtirishgan. 23-iyun kuni ularni yo‘qolib qolgani ma’lum bo‘lgan va qidiruv amaliyotining 10-kunida qutqaruvchilar ularni Txam Luang g‘orida topishdi. Aniqlanishicha, ular yetti kilometrlik g‘orga kirishganda to‘satdan yuzaga kelgan toshqin sababli tashqi olamdan uzilib qolishgan. Ayni damda Tailandda yomg‘irlar mavsumi davom etmoqda. G‘or yo‘llari musson yomg‘irlari natijasida suv va boshqa jismlar bilan to‘lib qolgani natijasida bolalarni undan olib chiqish oson bo‘lmasligi aytilgandi. Hukumat g‘ordan kecha-yu kunduz tinmasdan suvlarni nasoslar yordamida tortib oldi va bu qutqaruv ishlariga qulay sharoitning yaratilishiga olib kelgan. 12 bola va murabbiy 9 tun qorong‘i g‘orda och-nahor jon saqlagan. Hukumat qutqarish ishlarining bir necha variantlarini ko‘rib chiqqan bo‘lib ular orasida yomg‘irlari tinguncha bir necha oy kutish chorasi ham bor edi. Rasmiylar barcha variantlarni tahlil qilib chiqqandan so‘ng bolalarni tezroq chiqarib olish uchun, ularni ikki g‘avvos yordamida, maxsus arqonga bog‘lagan holatda chiqarib olish yo‘lini tanlagan. Bunda bolalar saqlanib turgan g‘orda havoning yomonligi va bir necha oy davom etadigan musson yomg‘irlarining kutilmagan holatlarga olib kelishi mumkinligi inobatga olingan.